Tahririyatimizga Samarqand shahar 1-son bolalar musiqa va san'at maktabining (endilikda sobiq) direktori Feruza Nazarova Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan adolatsiz tarzda ishdan bo‘shatilganini bildirib, murojaat qildi.

Vaziyatni o‘rganish uchun ushbu voqeaga aloqador barcha kishilar bilan suhbatlashib, hujjat to‘plab chiqdim.

Feruza Nazarova Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasi buyrug‘i bilan 2015 yil 15 iyulda Samarqand shahridagi 1-son bolalar musiqa va san'at maktabi direktori etib tayinlangan. Ungacha Samarqand tumanidagi 26-son bolalar musiqa va san'at maktabini boshqargan.

Foto: 1-sonli bolalar musiqa va san'at maktabi sobiq direktori Feruza Nazarova

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Bolalar musiqa va san'at maktablari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori 2016 yil 5 mayda qabul qilingan. Bolalar musiqa va san'at maktablari ana shu hujjat asosidan tasdiqlangan Nizom bilan boshqarib kelinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan bolalar musiqa va san'at maktablari xalq ta'limi boshqarmalari ixtiyoridan madaniyat boshqarmalari ixtiyoriga o‘tkazilgan.

Endi voqealar rivoji bilan xronologik tartibda tanishtiraman.

F.Nazarova rahbarlik qilayotgan 1-sonli musiqa san'at maktabiga 2017 yil 19 oktabr kuni Rossiya Federatsiyasining Mordoviya Respublikasi Saransk shahrida 2018 yilning 1–4 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan «Chudesa iskusstva» bolalar va o‘smirlar I xalqaro tanlov-festivalida ishtirok etish uchun taklif keladi.

Foto: Saranskdan kelgan maktublar

Ushbu xalqaro tanlovda qatnashish uchun madaniyat vazirligining ruxsati olinadi va vazirlikning 2017 yil 15 dekabrdagi 01-11-10-6462-sonli xati asosida viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Kamoliddin Mizamovning imzosi bilan xizmat safariga jo‘natish haqida 2017 yil 22 dekabrda 44-S sonli buyruq chiqariladi. Buyruqqa ko‘ra, tanlovda qatnashuvchi bolalarning safardagi intizomi va xavfsizligini ta'minlash maktab o‘qituvchilari N.Muxtorov va O.Ravshanova zimmasiga yuklatiladi. Safarga maktabdan 7 nafar o‘quvchi borishi belgilanadi.