Superliga o‘yinlariga bo‘lgan e'tibor, ayniqsa, o‘yinlarning to‘liq va jonli tarzda olib berilishi matbuot vositalari uchun ham qulaylik tug‘diradi albatta. Saytimiz ham bu imkoniyatlardan foydalangan holda, navbati bilan Superliga klublariga nazar tashlab boramiz. Bu safar e'tiborimiz markazida Farg‘onaning «Neftchi» klubi bo‘ldi.

Superliganing 3-turida Farg‘onada «Neftchi» «Bunyodkor»ni qabul qildi. Aynan ushbu uchrashuv «Neftchi»ning bugungi kundagi salohiyatini namoyish etib berishi kerak edi. Nega aynan shu o‘yin? Sababi, 1-turda «Nasaf»ga qarshi o‘yin mavsumning ochilish o‘yini bo‘lgani uchun mezbon jamoa futbolchilari qo‘shimcha kuch bilan bir bosh baland sakrashi tayin edi. Jizzaxdagi o‘yinda esa ob-havo sharoiti aniq xulosalar chiqarishga to‘sqinlik qildi. 

«Neftchi» ishtirokidagi har ikki o‘yinda ham hisob ochilmagandi. Farg‘onaliklar 2 turdan keyin o‘z darvozasini daxlsiz saqlab kelgan ligadagi yagona jamoa bo‘lsa-da, o‘z navbatida, gol ura olmagan uch jamoadan biri bo‘lib turishgandi. Ya'ni, bu o‘yinning bir ijobiy va biri salbiy seriyalardan biriga chek qo‘yishi kutilayotgandi.

«Bunyodkor» - tengma-teng o‘ynasa bo‘ladigan yosh jamoa. Taniqli nomlarni ko‘rmaysiz, ammo Mirjalol Qosimov juda umidli va asosiysi taktik jihatdan shakllangan jamoani taqdim etmoqda. Bu o‘yinda «Neftchi» nafaqat mahorat, taktik jihatdan ham raqibiga imkoniyatni boy berdi.

TO‘LIQ ShAKLLANTIRILMAGAN USLUB

Jamoaning o‘yin uslubini asosan hujumdagi harakatlari asosida o‘rganish mumkin. «Neftchi» to‘pga egalik qilganda, nimaning hisobiga xavfli vaziyatlarni yaratishga urindi? Mana shu savolga javob berish orqali Bahrom Haydarov o‘z jamoasida ko‘rishni istayotgan qadriyatlarga baho bera olamiz.

«Neftchi» aksariyat hollarda to‘pni yuqorilatib raqib jarima maydoni yaqiniga yoki qanotlardan to‘pni olib borish orqali, krosslar amalga oshirishga harakat qilganini kuzatish mumkin. O‘yin davomida jamoa 27 marotaba krossni amalga oshirdi va bu «Bunyodkor»ga nisbatan ikki barobar ko‘pdir. Bunday o‘yin uslubini biz aksariyat hollarda ingliz jamoalarida ko‘rishimiz mumkin.

Ammo uzun paslar orqali o‘yinning muvaffaqiyatli chiqishi uchun yana bir omil bor - «ikkinchi to‘plar»ga («podbor») egalik qilish. Ya'ni, bunday paslardan so‘ng to‘pni egallash va hujumning ikkinchi fazasini boshlash uchun, albatta, «ikkinchi to‘plar»ga hushyor bo‘lish shart. Aks holda, hujum ilk fazadayoq yakuniga yetadi va raqib uchun bunday hujumlarni qaytarish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda «Neftchi» futbolchilari biroz charchab qolgach, «Bunyodkor»ning vazifasi yanada yengillashdi.