11:09 / 23.03.2018
7729

Mojarolar girdobidagi Janubiy Koreya. Sobiq prezident 45 yilga qamalishi mumkin

Foto: Kyodo

Seul Markaziy okrugi sudi Janubiy Koreya bosh prokuraturasi talabiga binoan 22 mart kuni mamlakat sobiq prezidenti 76 yoshli Li Myong Bakni hibsga olish to‘g‘risida order berdi. Bu haqda Yonhap xabar qilmoqda.

Tergov Li Myong Bakka 18 modda bo‘yicha ayblov qo‘yishga tayyorlanmoqda, ular orasida pora olish, noqonuniy jamg‘armalar yaratish, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, vakolatni suiiste'mol qilish, saylov qonunchiligini buzish kabilar bor. Lining o‘zi ayni damdagi mamlakat hukumati o‘ziga qarshi siyosiy intiqom kampaniyasi boshlanganini aytib, o‘z aybini qat'iyan rad etmoqda.

Agar u barcha ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topilsa, 45 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Endilikda mamlakat bosh prokuraturasi siyosatchiga rasmiy ayblovlarni qo‘yish uchun 20 kunlik muddatga ega.

Li Myong Bak Janubiy Koreyani 2008 yildan 2013 yilgacha boshqardi. U mamlakat tarixida jinoiy ta'qibga uchragan beshinchi yetakchiga aylandi. Shuningdek, u Janubiy Koreya tarixida qamoqqa olingan to‘rtinchi prezident bo‘ldi. Hozirgi paytda mamlakatning yana bir sobiq yetakchisi - Li Myong Bakdan keyin hukumat tepasiga kelgan Pak Kin Xe o‘zi ustidan boshlanadigan sudni kutmoqda.

Top