Jahon | 13:15 / 25.03.2018
23314
4 daqiqa o‘qiladi

«Hayot uchun marsh». Amerikaliklar Vetnam urushi davridan buyon eng yirik norozilik namoyishlariga chiqishdi

Amerikaning barcha shaharlarida o‘n minglab o‘smirlar, yoshlar va yoshi katta kishilar mitinglarga chiqib, mamlakatda qurol-yarog‘ erkin savdoda sotilishini to‘xtatishni talab qilishdi. «Hayot uchun marsh» nomini olgan aksiyalar Nyu-York, Vashington, Chikago, Denver, Los-Anjyeles va boshqa ko‘plab shaharlarda uyushtirildi.

Foto: Reuters

Associated Press xabarida qayd etilishicha, bu marshlar Vetnamdagi urushga norozilik sifatida yosh amerikaliklar tomonidan uyushtirilgan marshlardan buyon eng yirik norozilik namoyishlariga aylandi - ko‘chalarga yuz minglab kishilar chiqishdi.

Xususan, Nyu-Yorkda namoyishchilar soni 200 ming nafarga yaqinni tashkil etdi.

«Hayratlanarli! Nyu-Yorkda kamida 175 ming kishi «Hayot uchun marsh»ga qo‘shildi. Bu hali boshlanishi. Bu talabalar Amerikani o‘zgartirishadi», deya yozdi tvitterida shahar meri Bill de Blazio.

Foto: NYC

Aktsiyalarni ko‘plab taniqli shaxslar qo‘llab-quvvatlashmoqda. Nyu-Yorkdagi namoyishlarda The Beatles asoschilaridan biri Pol Makkartnini ham ko‘rish mumkin edi. CNN telekanaliga bergan intervyusida u bu ishni o‘z do‘sti, 1980 yilda fanatlardan biri tomonidan otib o‘ldirilgan Jon Lennon xotirasi uchun ham qilganini aytib o‘tdi.

Reuters © Shannon Stapleton

Namoyishchilar Midtaundagi Markaziy xiyobonda harakatni boshlab, Manhettengacha borishdi. Yo‘l davomida bir qancha sahnalar uyushtirildi. Ulardan birida Florida fevral oyida sodir etilgan otishmadan omon qolgan Megan Boner ham chiqish qildi.

«O‘smirga qurol berildi va 17 kishi halok bo‘ldi. Men o‘zgarishlarni xohlayman», — dedi Boner.

Foto: Twitter / @Mdday13

AQSh prezidenti Donald Tramp hozircha bu marshlar bo‘yicha munosabat bildirmadi. Uning korteji marsh ko‘chalarni to‘sib qo‘ygani tufayli Floridadagi qarorgohga aylanma yo‘llar orqali harakatlanishiga to‘g‘ri keldi.

Oq uy vakili Zak Parkinson hukumat «bugungi kunda amerikalik yoshlar o‘z konstitutsion huquqlaridan foydalangan holda aksiya o‘tkazishi» quvonarli hol ekanini qayd etib o‘tgan.

Foto: Twitter / @Mdday13
Foto: Twitter / @Mdday13
Jose Luis Magana / AP / Scanpix / LETA

«Hayot uchun marsh» ishtirokchilari fevral oyi oxirida Floridadagi Parklend maktabida 19 o‘smir tomonidan 17 kishi otib tashlanishi va yana 14 kishi jarohatlanishi voqeasiga hukumat e'tiborini yana bir bor qaratib, qurol savdosini qat'iylashtirishni talab etmoqda.

Floridadagi otishma maktabning sobiq o‘quvchisi Nikolas Kruz tomonidan sodir etilgandi. Politsiya uni voqea joyida qo‘lga olgan, tergovda aniqlanishicha, Kruz AR-15 vintovkasi bilan maktabga kelib, qirg‘in uyushtirgan. U qurolni sotib olishdan oldin maxsus tekshiruvdan o‘tgandi.

Mavzuga oid