Fan-texnika | 14:00 / 25.03.2018
11053
4 daqiqa o‘qiladi

Facebook mojarosi boshlangan ofisda tintuv boshlandi

Foto: PolitiFact

London Oliy sudi Cambridge Analytica kompaniyasiga qarshi arizani qanoatlantirgach, Axborot masalalari bo‘yicha Britaniya tergov xizmati kompaniyaning Londondagi ofisida taftish ishlarini boshladi. Bu haqda Press Association agentligi xabar tarqatgan.

Britaniya vaqti bilan 24 mart kuni soat 20:00 (Toshkent vaqti bilan 25 mart kuni soat 01:00)da tergovchilar Nyu Oksford-strit ko‘chasida joylashgan ofisga kirishgan.

Londondagi Cambridge Analytica ofisi
Chris J Ratcliffe / Getty Images

Bir necha kun muqaddam siyosiy partiyalar bilan ishlovchi, ularga ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriyaning xatti-harakatiga ta'sir o‘tkazishda ko‘maklashuvchi Britaniyaning tahliliy firmasi bo‘lmish  Cambridge Analytica firmasi foydalanuvchilardan beruxsat ularning ma'lumotlarini qo‘lga kiritgan va 50 milliondan ortiq foydalanuvchi ma'lumotlaridan Donald Trampning saylovoldi kampaniyasida samarali siyosiy reklama yo‘lida foydalangani ma'lum bo‘lgandi.

Avvaliga bu ma'lumot The New York Times gazetasi tomonidan tarqatildi. Nashr kompaniyaning sobiq xodimlaridan biriga asoslanib tarqatgan xabarda, tuzilgan algoritm potensial saylovchilarga siyosiy reklamalar oson yetkazilishini ta'minlagan.

Facebook’dagi AQShlik 50 million foydalanuvchilarning ma'lumotini Cambridge Analytica Kembrij universiteti professori Aleksandr Kogandan sotib olishgan. 2014 yilda u tadqiqot maqsadida this is your digital life ilovasini yaratgan, unda Facebook orqali ro‘yxatdan o‘tib, mukofot evaziga psixologik test topshirish kerak bo‘lgan. Dastur foydalanuvchilar sahifasidagi ma'lumotlar va do‘stlar haqidagi axborotlarni qo‘lga kiritgan. Ilovaga 270 ming kishi ulangan va buning sharofati bilan Kogan deyarli 50 million kishi haqidagi ma'lumotga ega bo‘lgan.

2015 yilda Facebook aniqladiki, Kogan qoidalarni buzgan: ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilar va ularning do‘stlari haqidagi axborotni yig‘ishga ruxsat beradi, faqat ular egasida qolishi hamda uchinchi shaxslarga berilmasligi sharti bilan. Kompaniyaning bayonotiga ko‘ra, professor ma'lumotlarni Cambridge Analytica va Eunoia Technologies’ga berib yuborgan.

Cambridge Analytica’dagilar ilk talabga ko‘ra, ma'lumotlar 2015 yildayoq yo‘q qilinganini ta'kidlashmoqda. Firma vakili Kogandan olingan ma'lumotlardan Trampning 2016 yildagi saylovoldi shtabiga xizmat ko‘rsatishda foydalanilmaganini ta'kidlamoqda. CBS’ning xabar berishicha, Tramp komandasi alal-oqibat Cambridge Analytica xizmatidan samarasiz, degan vaj bilan voz kechgan. Kompaniyadagilarning o‘zi esa Trampning g‘alabasida muhim rol o‘ynashganini ta'kidlashadi.

Facebook’ning sobiq xodimi Sendi Parakilas ma'lumotlarning sizdirilishi yanada kengroq miqyosga ega ekanligini aytib, 2017 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan davrda yuzlab million insonlar haqida gap borayotganini ta'kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Facebook himoyasida uchinchi shaxslar tomonidan foydalanuvchilarning xabarisiz shaxsiy ma'lumotlarini to‘plashga izn beruvchi «tuynuk» bo‘lgan. Facebook buni bilgan, lekin hech qanday chora ko‘rmagan, deya ta'kidlaydi Parakilas.

20 mart kuni Cambridge Analytica Aleksandr Niks firma boshqaruvidan bo‘shatilganini ma'lum qildi. Bunga sabab qilib, Channel 4 News telekanalida namoyish etilgan videosyujyet keltirilgan. Maxfiy videoyozuvda Niks har qanday mamlakatning saylovlariga aralashish imkoniyati haqida so‘z ochgan.

Mavzuga oid