Sir emaski, shu vaqtgacha Toshkentga kelgan mehmonlarni aeroport tashqarisida kutib turuvchi xususiy taksichilar mijozlarni me'yoridagidan bir necha barobar yuqori narxlarda manzilga eltishga odatlangan, ba'zida ish firibgarlik darajasigacha yetib borgan. Bunday holatni ko‘rsatuvchi videolavha yaqinda internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib, ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘lgan edi.
Bundan tashqari, noqonuniy kirakashlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarning o‘zini tutishi, kiyimi, muomalasi, madaniyati, uning boshqaruvida bo‘lgan avtoulovning texnik va gigiyenik holati ham talab darajasida bo‘lmasdi.
Uzoq yo‘ldan charchab kelayotgan odam hali aeroport hududidan chiqmasidan «taksi kerakmi, falon so‘mga olib borib qo‘yaman» deya, uning qo‘lidagi yukiga yopishib, har tomonga tortqilashi, hatto mijoz talashib bir-birlari bilan yoqa bo‘g‘ishishlari esa yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar va sayyohlarda yoqimsiz taassurotlar qoldirishi tayin.


Bunday noxush holatlarga barham berish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda qator tadbirlar amalga oshiriladigan bo‘ldi. Jumladan, aeroport binosiga avtomashinalari belgilangan talablar asosida jihozlangan, haydovchilari xushmuomala, toza va ozoda kiyimda bo‘lgan taksi xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlari uchun maxsus joylar ajratildi.
Taksi korxonasi nomi, xizmatlar narxi haqidagi o‘zbek, rus va ingliz tillarida ma'lumotlar joylashtiriladi.
Endilikda poytaxtimizga uchib kelgan mehmonlar, aeroport hududidan chiqmasdan turib o‘zlariga ma'qul bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarining sifatli xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘illanish holatlariga barham berish maqsadida, Toshkent xalqaro aeroporti bilan hamkorlikda aeroport hududidagi avtomobillar to‘xtash joylariga noqununiy faoliyat uchun belgilangan jazo choralari haqida eslatma tarzidagi axborot stendlari joylashtirildi.















