Barchamizga ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvarda PF-5308 sonli farmoni asosida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlangan. Mazkur davlat dasturiga viloyatdan kelgan fuqarolar uchun doimiy va vaqtincha ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish masalasi kiritilgan. Adliya vazirligi mutaxassislari mazkur mavzuga oid savollarimizga javob berib o‘tishdi.
Davlat dasturida vaqtinchalik ro‘yxatga olish masalasi 20 martga qadar hal qilinishi lozim deyilgan. Nega hanuz natijadan darak yo‘q?
Davlat dasturining 56-bandida joriy yilning 20 martiga qadar doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Shunga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida 3ta loyiha (Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni, Hukumat qarori loyihalari) tayyorlandi va joriy yilning 5 mart kuni Hukumatga kiritildi, ya'ni muddatidan oldin. 20 mart bu qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish muddati, ularni qabul qilishning oxirgi muddati emas. Dasturda bu aniq yozib qo‘yilgan.
Loyihalar Vazirlar Mahkamasida qayta ishlandi (qonunchilik texnikasi, normalarni bayon etish stilistikasi) va hozirda ularning so‘nggi varianti tayyorlandi. Shu bilan birga, masalani Prezident devonida ham ko‘rib chiqish nazarda tutilgan. Bu loyihalar qabul qilinish protsessida odatiy hol, chunki loyihalarda respublika uchun juda muhim masalalar aks ettirilgan va bevosita Prezident vakolati bilan bog‘liq.
Ishchi guruh kimlardan iborat?
Loyihani tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhi tarkibiga Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa tashkilotlar vakillari kiritilgan.
Loyihaning tayyorgarlik ishlari taxminan qaysi muddatga qadar amalga oshiriladi? Tayyorgarlik bosqichi, tartibi qanday?
Loyihaning tayyorgarlik ishlari odatda 10-15 kun vaqt talab etadi, undan keyin uni ko‘rib chiqish masalasi turadi. Hukumat qarori loyihasi hozirda Vazirlar Mahkamasida qabul qilish uchun tayyorlanmoqda. Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Devonida ham loyihalar ustida ishlar olib borilmoqda. Yaqin kunlarda loyihalar bo‘yicha oxirgi qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda. Bu degani ular darrov qabul qilinadi degani emas. Chunki, masalan qonuni oladigan bo‘lsak u Oliy Majlis reglamentiga asosan kiritilib, 3 o‘qishda ko‘rib chiqilib, undan keyin Senatga ma'qullash uchun kiritiladi. Senatdan keyin Davlat rahbariga imzolash uchun beriladi.















