O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi PF-5386-son farmoni imzolandi. Hujjat Prezidentning rasmiy saytida e'lon qilindi.
Qaror matniga ko‘ra, qishloq aholi punktlarini tubdan qayta yangilamasdan va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirmasdan, mamlakatimizni zamonaviy rivojlangan davlatga aylantirishga to‘siq bo‘layotgani, tizimli muammolar mavjudligi qayd etilgan.
Qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha obektlarini barpo etish va shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish va dunyoqarashini kengaytirish maqsadida joriy yilning 1 aprelidan boshlab respublikaning har bir tumani va shaharida, avvalambor, olis va tabiiy iqlim sharoiti og‘ir hududlarda 2018 yilda 2 tadan va kelgusi yillarda 3 tadan qishloq (mahalla)da aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta'minlashga, mazkur qishloq (mahalla)larning qiyofasini zamonaviylashtirishga va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan «Obod qishloq» dasturi amalga oshiriladi.
Dasturning ustuvor maqsadlari va xarajatlarning asosiy manbalari etib belgilanmoqda:
- respublika byudjyeti va davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga aholini ishonchli tarzda ichimlik suvi bilan ta'minlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘laydigan yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash, shuningdek, lizing asosida qishloq va tuman markazi orasida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish;
- mahalliy byudjyetlar mablag‘lari hisobidan qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ta'mirlash, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya inshootlari va irrigatsiya tizimlarini barpo etish, transport to‘xtash bekatlarini qurish;
- xalqaro moliya institutlarining kreditlari hamda korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga elektr ta'minotini yaxshilash, aloqa tizimini modernizatsiya qilish, aholiga suyultirilgan gaz va ko‘mir yoqilg‘isini uzluksiz yetkazib berish;
- ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlarni tubdan yaxshilashga e'tibor qaratish, bunda bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikalarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirish hamda tegishli xarajatlarning yarmini respublika byudjyeti va maqsadli jamg‘armalar hamda qolgan qismini mahalliy byudjyet va mahalliy homiylar hisobidan moliyalashtirish;










