«Tribuna.Uz» sayti 2018 yilgi jahon chempionati ishtirokchilarini tanishtirishda davom etadi. Bugun e'tiboringizni Islandiyaga qaratamiz.

ISLANDIYa:
Mustaqilligi: 1 dekabr 1918 yil
Rasmiy tili: island tili
Poytaxti: Reykyavik
Boshqaruv tizimi: Parlament respublikasi
Aholisi: 322 ming (dunyoda 172-o‘rin)
Valyuta: island kronasi

TeRMA JAMOA:

Foto: XSPORT.ua

Laqabi: «Bizning yigitlar»
Konfederatsiya: UYeFA
Bosh murabbiy: Xaymir Xadlgrimsson
Jamoa sardori: Aron Gunnarson
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan: Runar Kristinson (104)
Eng ko‘p gol urgan: Eydur Gudyonsen (26)
FIFA reytingidagi o‘rni: 18 (15 mart holatiga)
Eng yirik g‘alabasi: Malta - 5:0 (2000)
Eng yirik mag‘lubiyati: Daniya - 2:14 (1967)
Yevropa chempionati: Chorak final (2016)
Jahon chempionati: Ilk marta qatnashadi

So‘nggi ikki yilda Islandiya haqida gapirmagan odam qolmagan bo‘lsa kerak. Futboldagi muvaffaqiyatlarni mamlakat salohiyati, aholisi va boshqa ustunliklari bilan bog‘laydigan tahlilchilarning tillari kishanlandi, aholi soni bo‘yicha O‘zbekistonning o‘rtacha tumaniga yaqin bo‘lgan Islandiya Yevropaning eng kuchli sakkiz jamoasidan biriga aylandi, dunyo terma jamoalar reytingizda 18-o‘ringa ko‘tarildi. Bunday natijalarga qanday erishilgani haqida quyida o‘qiysiz.

TARIXI
Islandiya 2016 yilgi Yevropa chempionatigacha hech qachon biror yirik turnirning final bosqichiga chiqa olmagandi. Nisbatan olganda ular uchun eng muvaffaqiyatli saralash bosqichi Yevro-2004 da sodir bo‘lgandi. O‘shanda Asgeyr Sigurvinsson shogirdlari so‘nggi turda hatto guruh g‘olibligi uchun imkoniyatni saqlab turishgandi. Ammo buning uchun Islandiya nemislarni yutishi lozim va o‘z navbatida Shotlandiya terma jamoasi g‘alaba qozona olmasligi shart edi. Germaniya qahramonlarimiz ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, guruh g‘olibi bo‘ldi, parallel o‘yinda esa, Shotlandiyaning Litva ustidan g‘alabasi Islandiyani guruhda uchinchi o‘ringa tushirib yubordi. O‘sha siklda JCh finalchisi Germaniya bilan Reykyavikdagi 0:0 hisobi butun Islandiya uchun haqiqiy bayram bo‘lib ketgandi.