Terma jamoalar uchun belgilangan FIFA kunlari tufayli ikki haftalik tanaffusga chiqqan Yevropa chempionatlarida juda ko‘p muhim va qiziqarli o‘yinlar yig‘ilib qolgan ekan. Kelasi haftada Chempionlar Ligasi o‘yinlari borligi uchun, aksariyat yetakchi klublar o‘z o‘yinlarini bugun o‘tkazishadi. Tribuna.Uz dam olish kunlarida bo‘lib o‘tadigan eng qiziqarli o‘yinlar haqida ma'lumotlarni taqdim etadi.

KRISTAL PELAS - LIVeRPUL (31 mart, 16:30)

Foto: Getty Images

Avvallari top klublardan ochko olib, asosan qo‘yi jamoalarga ochko ulashadigan «Liverpul»ning xarakteri o‘zgargandek. Jamoa «Arsenal» va «Tottenhem» bilan durang o‘ynab, «MYu»ga yutqazdi, ammo shu o‘yinlar orasida qatorasiga 11 o‘yindan beri top-6 dan tashqari klublarni osonlik bilan mag‘lubiyatga uchratib kelmoqda. «Liverpul»ning so‘nggi qoqilishi dekabr oyi boshlarida «Vest Bromvich» bilan (0:0) bo‘lgandi.  Aslida bu yaxshi tendensiya, jamoa yutishi kerak bo‘lgan o‘yinlarni o‘z foydasiga hal qilishni o‘rgana boshladi, bu esa, alohida o‘yinlardagi jozibadan ko‘ra ishonchliroq va sovrinli o‘rinlar uchun kurashishda zarurroq bo‘lgan xususiyatdir.

«Kristal Pelas» esa Yurgen Klopp uchun o‘ziga xos raqib. Chunki aynan «burgutlar» Angliyada Yurgen Kloppni mag‘lubiyatga uchratgan ilk klub bo‘lgandi. U ham bo‘lsa, «Enfild»da o‘tgan uchrashuvda sodir bo‘lgandi. O‘sha o‘yindan buyon «Liverpul» bu raqibini faqat yutib kelayotgan bo‘lsa-da, bugungi o‘yinning turnir nuqtai-nazaridan ham bahosi katta. «Kristal Pelas» xavfli zonadan uzoqlasha olgani yo‘q, «Liverpul» esa, o‘zi uchun xavfli zona bo‘lgan beshinchi o‘rindan uzoqlashish niyatida. Ayniqsa, asosiy raqiblar «Chelsi» va «Tottenhem» o‘zaro o‘ynaydigan mana shu turda ochko yo‘qotish liverpulliklar uchun juda alamli bo‘lsa kerak.

«Kristal Pelas» ayniqsa, o‘z maydonida har qanday raqibga qarshi kuchli o‘ynay oladi. Ular «Chelsi»ni yengishdi, «Manchester Siti» bilan durang o‘ynashdi, «Yunayted» faqat so‘nggi daqiqalarda qutulib qoldi. Demak, bu safar ham munosib jangni kutishga haqlimiz.

Buning ustiga, «Liverpul» uch kun o‘tib Chempionlar Ligasida muhim o‘yinga maydonga tushadi. O‘sha o‘yinning xayoli ham bugungi raqibga diqqatni jamlashga halaqit berishi mumkin. Mezbonlarning muammosi kattaroq – hali-hamon tarkibdagi to‘qqiz nafar o‘yinchi jarohatini davolash bilan band. Ulardan faqat Joyel Uord bugungi o‘yinga qaytishi mumkin xolos.
   
EVeRTON - MANCheSTeR SITI (31 mart, 21:30)