Samarqand viloyati hokimi prezidentdan hududdagi korxonalar solig‘i shu hududda qoldirilishini so‘rab oldi
1 aprel kuni Samarqand shahridagi Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazida Samarqand viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 17–18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlarning ijrosini ta'minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida jurnalistlarga ma'lumot berdi.
«Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida viloyat aholisini qiynayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida 3ta qaror bilan qo‘shimcha 500 mln. dollar mablag‘ ajratishini belgilab berdi, — dedi viloyat hokimi. — Bu pullar asosan «bog‘dorchilik yoki chorvachilik bilan shug‘ullanaman, ishlab-chiqarish korxonasi ochaman, ish o‘rni yarataman», degan tadbirkorlarga imtiyozli kredit shaklida beriladi».
Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 17–18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari va Pastdarg‘om tumanida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayonining ijrosini ta'minlash yuzasidan tuzilgan yo‘l xaritasiga ko‘ra viloyatda 2018 yil mobaynida 120 ming ish o‘rni yaratish belgilangan. Bu raqam viloyatda ayni paytda rasman ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan 95 ming kishini to‘liq qamrab olish bilan birgalikda, xorijda ishlab yurgan samarqandliklarni ham yurtimizga qaytarishga xizmat qiladi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi tomonidan Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan «O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish» hamda «O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirish» loyihalari hisobidan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilikni rivojlantirish uchun talab etiladigan texnika va texnologiya hamda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, intensiv bog‘dorchilik, zamonaviy issiqxonalar, sug‘orish tizimlari, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, kalibrovka, saralash va qadoqlash, sovutgichli omborxonalar, qishloq xo‘jaligi uchun texnika va texnologiyalar sotib olish uchun ajratiladi.
«Ajratilgan mablag‘ hisobidan 10 mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil qilish, 350dan ortiq istiqbolli loyihani amalga oshirish belgilandi», — dedi T.Jo‘rayev.
«British-Amerikan-Tobakko» kompaniyasi Urgut tumani aholisiga tamaki ektirib, undan Farhod shaharchamizda mahsulot tayyorlab, bir yilda 600 mlrd so‘m miqdoridagi soliqni poytaxtdagi bir tumanga to‘laydi. Samarqand choy qadoqlash fabrikasi 100 yildan beri Samarqand shahrida faoliyat yuritib, u ham 40 mlrd so‘m solig‘ini Toshkent shahridagi bir tumanga to‘laydi. Dotatsiyada bo‘lib turgan Nurobod, Qo‘shrabot, Paxtachi tumanidagi konlar o‘z solig‘ini Navoiy viloyatiga to‘laydi. Umuman, viloyatda ishlab, boshqa shaharlarga to‘lanadigan soliq yiliga bir trln yetti yuz mlrd so‘m ekan. Men prezidentdan ana shu soliqlar o‘zimizga qolishini ta'minlab berishini iltimos qildim va iltimosim ijobiy hal qilindi, — dedi viloyat hokimi. — Endi tumanlardagi korxonalar solig‘i o‘sha tumanlarning o‘zida qoldirilsa, ular dotatsiyadan ham chiqishadi, rivojlanib ham ketishadi».
Tadbirda viloyat hokimi jurnalistlarning savollariga javob berish bilan bir qatorda, ayrim tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni ham eshitdi va ularni zudlik bilan hal qilish yuzasidan tuman hokimlariga topshiriqlar berdi.
O‘z muxbirimiz
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024