09:31 / 04.04.2018
30630

Toshkent - janubiy temir yo‘l vokzalidan poyezdlar bugundan bosqichma-bosqich qatnovni boshlaydi

Toshkent-Janubiy temir yo‘l vokzali tubdan qayta rekonstruksiya qilindi. Bunyodkorlik jarayonda 500 nafar quruvchi va 30dan ziyod texnikalar mehnatidan unumli foydalanildi. Natijada tizimdagi eng ko‘rkam va zamonaviy vokzal vujudga keldi. Endilikda Toshkent-Janubiy temir yo‘l vokzali tamomila boshqacha qiyofa kasb etdi, deb xabar qilmoqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” axborot xizmati.

Vokzalning umumiy maydoni 9,2 gektar bo‘lib, 650 metrlik 3ta perronga ega. Hududdagi diametri 14 metrlik ikkita zamonaviy favvora yozning oftobli kunlarida mo‘'tadillikni ta'minlashga xizmat qiladi. Yo‘lovchilarning yo‘l hujjati, pasporti, bagaji va qo‘l yuklari vokzal hududiga kirish joyining o‘zida tekshiriladi. Vokzal binosida kutish, VIP zallari, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, mehmonxona, dam olish xonalari, bufet, ko‘chma savdo nuqtalari, gazeta va jurnallar, WiFi internet xizmati, elektron kutubxona, planshet xizmati, shirinliklar va milliy sovg‘alar sotish shoxobchasi, mobil qurilmalar uchun quvvatlantirish manbai, elektron ma'lumotlar markazi va tablosi, sayyohlar zali hamda zamonaviy lift mavjud. Kutish zali ko‘rgazma va televizion axborot vositalari bilan jihozlangan. Havo harorati me'yorini ta'minlovchi sovutgichlarga ega. Vokzal hududida 12 ta chiptaxona mavjud. Vokzalda bir kecha-kunduzda esa 17 ta mahalliy poyezddan 11 ming nafarga yaqin yo‘lovchi kutib olinib, o‘z manziliga jo‘natiladi.

Toshkent-janubiy temir yo‘l vokzalidan poyezdlar 4 apreldan bosqichma-bosqich qatnovni boshlaydi. Dastavval, shu kuni №662 sonli Toshkent-Buxoro yo‘lovchi poyezdi, shuningdek, shaharlararo qatnovchi barcha elektrichkalar o‘z harakatini Toshkent-Janubiy temir yo‘l vokzalidan amalga oshiradi. Boshqa mahalliy yo‘nalishlar bosqichma-bosqich qamrab olinadi.

Mavzuga oid
Top