O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13 fevraldagi “Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi keng jamoatchilik e'tiboriga havola qilindi.
Xo‘sh, taklif etilayotgan soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasida belgilangan o‘zgartirishlar bugungi kunda amaldagi soliq tizimidan qanday farq qiladi hamda ular tadbirkorlik rivoji va oddiy fuqarolarimiz uchun nimasi bilan ahamiyatli?
Ishlab chiqilgan konsepsiyada soliqlarni:
- soddalashtirish;
- sonini qisqartirish;
- stavkalarini pasaytirish asosiy yo‘nalishlar etib belgilangan.

Bundan ko‘zlangan pirovard natija iqtisodiyotda soliq yukini pasaytirish orqali raqobatbardoshlikni oshirish va investitsiyalarni jalb etishga imkoniyat yaratishdir.
Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, amaldagi soliq tizimida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarining aylanma mablag‘laridan belgilangan stavka bo‘yicha yagona soliq to‘lovi (asosiy stavkasi 5 foiz) hamda byudjyetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarga
3,2 foiz soliq to‘lagan bo‘lsa, endilikda faqatgina olgan daromadlaridan soliq to‘lash tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda Soliq kodeksining 23-moddasiga asosan respublikamizda 19 ta turdagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar mavjud bo‘lsa, endilikda yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi, qo‘shimcha foyda solig‘i, pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali, yagona ijtimoiy to‘lov va byudjyetdan tashqari majburiy ajratmalarning bekor qilinishi kutilmoqda.

Soliq turlarini qisqartirish bilan bir qatorda ularning stavkalarini ham keskin pasaytirish ko‘zda tutilmoqda. Birgina mahsulot va xizmatlar narxini belgilashga bevosita ta'sir ko‘rsatuvchi qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasi amaldagi 20 foizdan 12 foizga pasaytirish belgilangan.
















