Yaponiyadan O‘zbekistonga 15 charter reysni yo‘lga qo‘yishga doir kelishuvga erishildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevining "O‘zbekiston Respublikasining turistik salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni (2018 yilning 3 fevralidagi 5326-sonli farmon) ijrosi doirasida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi va "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKning Tokiodagi vakolatxonasi Yaponiyaning yirik turistik kompaniyalari bilan hamkorlikda, Yaponiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi qo‘llab-quvvatlashi ostida mazkur charter reyslarga start berildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning KUN.UZ'ga ma'lum qilishicha, Yaponiyaning Tokio, Nagoya, Osaka va Fukuoka shaharlaridan O‘zbekistonga charter reyslar 2018 yilning aprel oyidan shu yilning oktabr oyigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Hozirga kelib bahorgi va yozgi bir haftalik turpaketlar to‘liq sotib bo‘lingan, kuzgi reyslar esa to‘ldirilmoqda.



6 aprel kuni Yaponiyadan O‘zbekistonga ilk charter reys (Tokio-Samarqand-Toshkent) amalga oshirildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand hokimligi bilan birgalikda Samarqand aeroportida yaponiyalik mehmonlarni karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olish marosimini o‘tkazdi. Har bir sayyohga guldastalar va quritilgan mevalardan iborat sovg‘alar topshirildi.





















