Adliya vazirligi maʼlumotiga koʻra, bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Idoraviy hujjat 2026-yil 20-oktabrda 3420-3 raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Yangi tartibga muvofiq, tadbirkorga nisbatan sanatsiya, tashqi boshqaruv yoki tugatish tartib-taomili joriy etilsa, uning mablagʻlarini boshqarish uchun bankda maxsus hisobvaraq ochiladi.
Bunda tadbirkorning asosiy va ikkilamchi hisobvaraqlari boʻyicha chiqim operatsiyalari toʻxtatiladi. Ulardagi mavjud mablagʻlar, shuningdek, keyinchalik kelib tushadigan pullar maxsus hisobvaraqqa oʻtkaziladi.
Asosiy va ikkilamchi hisobvaraqlarga qoʻyilgan band toʻlov hujjatlari, jumladan, inkasso topshiriqnomalari hamda band solish toʻgʻrisidagi qarorlar ularni qoʻygan tashkilot va organlarga ijrosiz qaytariladi.
Maxsus hisobvaraqdagi mablagʻlardan esa faqat mijozning yoki sud boshqaruvchisining toʻlov topshiriqnomasi asosida foydalaniladi. Adliya vazirligi mazkur choralar ogʻir moliyaviy ahvolga tushgan tadbirkorlarning faoliyatini tiklashga xizmat qilishini qayd etgan.
Oʻzgartishlar fuqarolar uchun ham qator qulayliklarni nazarda tutadi. Endi ular oʻzining barcha bank hisobvaraqlari haqidagi maʼlumotlarni istalgan bankdan olishi mumkin. Ilgari bunday maʼlumot faqat asosiy hisobvaraq ochilgan bankdan berilar edi.
Bundan tashqari, bank hisobvaraqlarini ochishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida xorijga chiqish biometrik pasportidan ham foydalanish imkoniyati yaratildi.

















