O‘zbekiston | 00:05 / 11.04.2018
8403
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turizmni rivojlantirishga doir bitim imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va TÜRSAB (Turkiya sayohat agentliklari assotsiatsiyasi) o‘rtasida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida "Turizmni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim" imzolandi. Mazkur hujjat 10 aprel kuni TÜRSAB shtab-kvartirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va TÜRSAB raisi Firuz Bag‘likaya tomonidan imzolandi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari KUN.UZ'ga shu haqida xabar berishdi. 

Foto: tursab.org

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov o‘z nutqini TÜRSAB prezidenti va direktorlar kengashi a'zolarini ularning yangi lavozimlari bilan qutlashdan boshladi. U O‘zbekiston Turkiyaning turistik agentliklari bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi ekani va shu tariqa mamlakatga tashrif buyuradigan sayyohlar sonini oshirishga erishmoqchi ekanini qayd etdi. Qo‘mita raisining qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston turkiyalik mehmonlarni ayniqsa ziyorat turizmi nuqtai nazaridan qiziqtira oladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining maslahatchisi, turkiyalik ekspert Sodiq Badak ham TÜRSAB rahbariyatini qutlab, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi. 
 

Foto: tursab.org

TÜRSAB raisi Firuz Bag‘likaya o‘z so‘zida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun har qancha yordam kerak bo‘lsa tayyor ekanini ta'kidladi. 

"O‘zaro muzokaralarimizning bosh maqsadi ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikka doir kelishuvlarga erishishdir. Bunga davlat rahbarimizning O‘zbekistonga rasmiy tashrifidan oldin yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik kelishuvi sifatida qaraymiz. Kelgusida ikki mamlakat prezidentlari o‘rtasidagi aloqalar nafaqat turizm sohasi, balki ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilashga xizmat qiluvchi boshqa sohalarni ham qamrab oladi, deb o‘ylayman. TÜRSAB o‘zining birodar xalqi - O‘zbekiston uchun qo‘lidan kelgancha harakat qiladi, bunga ishonishingiz mumkin". 

Hujjatlarni imzolash jarayoni tugagandan so‘ng tomonlar o‘zaro sovg‘alar bilan almashishdi. 

Foto: tursab.org

 

Mavzuga oid