Xalqaro Mehnat tashkiloti Italiyaning Turin shahridagi Xalqaro trening markazida “Odam savdosi va majburiy mehnatga doir holatlarni aniqlash hamda surishtirish” mavzusida o‘quv-trening tashkil etdi. Ayni vaqtda unda O‘zbekiston, Tojikiston, Shveytsariya, Malayziya, Nepal, Shri-Lanka, Keniya, Uganda, Tayland, Vetnam va Peru kabi davlatlardan kelgan turli soha vakillari ishtirok etmoqda. Qayd etish joizki, mazkur treningda O‘zbekistondan eng yirik delegatsiya bilan qatnashmoqda. 

Xususan, Xalqaro Mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh texnik maslahatchisi Jonas Astrup va idora mulozimi Oxana Lipkanu, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Bandlikka ko‘maklashish va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining yetakchi mutaxassislari NNT vakili hamda KUN.UZ muxbiri ham bor.

 

Treningning birinchi kunida Xalqaro Mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh texnik maslahatchisi Jonas Astrup O‘zbekistonda majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlar qay darajada ekani haqida taqdimot o‘tkazdi. Jonas Astrup O‘zbekiston, uning paxta yetishtirish bilan bog‘liq tarixiga to‘xtalar ekan, bu sobiq Ittifoqning o‘tkazgan noto‘g‘ri siyosati natijasi ekanini bildirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda avvallari uqtirilganidek, odam savdosi va majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlar ko‘p emas. Biroq hamon joylardagi tashkilotlar, xalq ta'limi va tibbiy muassasalarda majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlar uchrab turgani, ammo ularni tizimli, deb bo‘lmasligi ta'kidlandi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda odam savdosi va majburiy mehnat tushunchasi qonunchilikda ham mustahkamlab qo‘yilganini qayd etar ekan, prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiligidagi yangi hukumat ayni qonunchilik talablarini bajarishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilab olganini bildirdi.