O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan Davlat xizmatlari agentligi, Davergeodezkadastr, “O‘zarxiv” agentligi, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi boshqa vazirlik va idoralarning ishi qoniqarsiz, deb topildi.

Quyidagilar ko‘rsatib o‘tilgan vazirlik va idoralar, davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan boshqa vakolatli organlarning birinchi darajali vazifalari etib hisoblanadi:

davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini yanada unifikatsiyalash va avtomatlashtirish maqsadida axborot tizimlari va axborot resurslarini yaratishga yagona texnologik yondashuvni ta'minlashni hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadallik bilan rivojlantirish va joriy etish;

vazirliklar va idoralarning arxiv fondini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish va tegishli axborot resurslariga kirishga imkoniyat berishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishni yanada jadallashtirish;

yagona davlat reyestriga kiritilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha biznes jarayonlarning reinjiniringini amalga oshirish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonidagi tartibotlarni va ularni ko‘rsatish muddatlarini tubdan qisqartirish, blank va shakllarni sezilarli darajada optimallashtirish;

davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayoniga jalb etilgan xodimlarning o‘z lavozim majburiyatlarini so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarishini ta'minlash, ularning mas'uliyatini kuchaytirish, hozirgi zamon talablariga muvofiq ishlash ko‘nikmalarini va madaniyatini oshirish, ular ishini obektiv baholash mexanizmlarini joriy etish;

yuklatilgan vazifa va funksiyalardan kelib chiqqan holda muammolarni hal qilishda davlat organlari va tashkilotlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ishtiroklari bo‘yicha harakatlarni birlashtirish yuzasidan mas'uliyatlarini oshirish;

byudjyetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘laridan ustuvor ravishda axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlar, ma'lumotlar bazalarini belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqish va takomillashtirish, elektron davlat xizmatlarini joriy etish uchun foydalanish.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Agentlik zamonaviy davlat xizmatlarini joriy etish masalalariga tegishli ravishda yondashmayotgan davlat organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralarini ko‘radi.