
Mart oyining ikkinchi yarmidan boshlab, O‘zbekiston bozorlarida sitrus mevalar narxi birdaniga ko‘tarilib ketdi.
Ma'lumki, qish oylarida issiq o‘lkalardan keladigan turli sitrus - banan, mandarin, apelsin, ananas kabi mevalarga talab kuchayadi. Bahorning ilk ikki - mart va aprel oylarida ayniqsa bu mevalarga ehtiyoj katta. Sababi, hali O‘zbekistondagi bog‘ va polizlarda sabzavot va mevalar pishib ulgurmagan. May oyining boshlaridan dehqon va bog‘bonlarimizning ilk hosili - qulupnay, gilos va boshqa mevalar pishgach, aholining sitrus mevalarga bo‘lgan talabi ozayadi.
“Ilik uzildi” paytida bozorlardagi “ajnabiy mevalar” narxi ko‘tarilib ketishi bilan bog‘liq muammolarga oydinlik kiritishga harakat qildik. Bizga xabar berishlaricha, chegaradagi bojxona postlarida sitrus mevalar olib kiruvchi tadbirkorlar yuki ortilgan mashinalarni O‘zbekiston hududiga kiritilmayapti.

“O‘zbekiston chegarasidagi bojxona postlari banan ortilgan yuk mashinalarimizni o‘tkazmayapti. Sababini so‘rasak: “karantin” deyishdi. “Mayskiy” va “Yallama” postlarida 40tadan ortiq banan ortilgan mashinalarga qariyb 10 kundan beri o‘tishga ruxsat yo‘q. Ichki bozorlarda banan narxining 1 kg 35 ming bo‘lib ketgan. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan, 5 ming km. yo‘l bosib, mahsulot olib keldik. Nega karantin ekanligini tadbirkorlar tushunmayapmiz. Bu holatga hech kim izoh bermayotgani chatoq. 5 martdan beri shu ahvol. Ba'zi-ba'zida bananni o‘tkazib turishgan edi. Oxirgi 10 kun ichida umuman o‘tkazmay qo‘yishdi. Masalan, mening mahsulotlarimga 8 kundan beri laboratoriya tekshiruvida xulosa berishmayapti. 14 ta yuk mashinasidagi sitrus mevalarim chegarada turibdi”, - deydi sitrus mevalar importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan biri.
Muammoli holat bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlariga murojaat qildik. Inspektsiya mutasaddilari yurtimizga import qilinayotgan sitrus va subtropik mevalarni kiritilmasligi sabablariga izoh berdilar.
Bizga berilgan javobda jumladan shunday deyiladi:
“O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan mahsulotlarning o‘simliklar karantini nazorati va ulardan olingan namunalarning laboratoriya tahlili davomida sitrus va subtropik mevalar mahsulotlarida sariq pomerants qalqondori, ananas kuyasi, sitrus inli kuyasi, sitrus oq qanoti, tut oq qalqondori, kuyalar, zarpechak, kakra, zamburug‘ va bakteriya zararli organizmlarining mavjudligi aniqlandi.
















