O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 18 martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi PF-4516-sonli Farmoniga asosan Jizzax viloyatida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi o‘rinlarda “Jizzax” EIZ deb ataladi) Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani filiali tashkil etilgani va uning chegaralari tasdiqlangani ma'lumot uchun qabul qilindi. 

Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi o‘rinlarda “Sirdaryo” EIZ deb ataladi) “Jizzax” EIZ Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi filiali va Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi kichik sanoat zonasi negizida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi. 

Quyidagilar “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilandi: 

Sirdaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalangan holda mahalliy mineral-xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirish; 

meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to‘qimachilik, poyabzal va charm-galantereya, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy investitsiyalarni, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish; 

erkin iqtisodiy zona korxonalari o‘rtasida hamda boshqa mahalliy korxonalar bilan mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish asosida mahalliy xom ashyo va materiallardan yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish; 

“Sirdaryo” EIZ hududida ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, ushbu hududda sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;