09:55 / 16.04.2018
7111

Yaponiya bosh vaziri iste'foga ketishi taxmin qilinmoqda

Foto: AFP 2018 / Behrouz Mehri

Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Dzyun'itiro Koidzumi Yaponiyaning amaldagi bosh vaziri Sindzo Abening reytingi pasayib ketgani va xususiy kompaniyaga davlat yerining arzimagan pulga sotilishi bilan bog‘liq mojaro sababli iste'foga ketishini taxmin qilmoqda.

“Vaziyat juda xavfli tus oldi. Abe ana ketadi, mana ketadi, balki parlamentning joriy sessiyasi yakunigacha”, deb aytgan Koidzumi AERA jurnali saytida e'lon qilingan intervyusida.

Ma'lum qilinishicha, joriy sessiya 20 iyunda yakunlanadi.

Koidzumining aytishicha, sentabrda bo‘lib o‘tadigan Liberal-demokratik partiya yetakchisi saylovlarida Abe uchinchi muddatga saylana olmaydi. “Bu keyingi yilda yuqori palataga saylovlarga ham ta'sirini ko‘rsatadi. Abe uchun bu nomaqbul saylovlar bo‘ladi”, deb aytgan Koidzumi.

14 aprelda Tokioda Abega qarshi 50 ming kishilik namoyish bo‘lib o‘tdi. Namoyishlar “Abe iste'foga chiqarilsin!”, “Tinchlik uchun!”, “Konstitutsiyaning 9-moddasiga o‘zgarishlar kiritilmasin!” degan shiorlar ostida o‘tgan. Kiodo agentligi 15 aprelda Yaponiya hukumatining reytingi 37 foizgacha tushib ketganini e'lon qilgan.

Noroziliklarga Abe va uning rafiqasi hamda moliya vaziri Taro Asoning davlat yerining xususiy maktab uchun past narxda sotib yuborilishi bilan bog‘liq firibgarlikka aloqadorliklari hamda Yaponiya qurolli kuchlarining Iroqda faoliyat olib borgani haqidagi hujjatlar topilgani sabab bo‘lgan. Vaholanki, Yaponiya mudofaa vazirligi Iroqda yaponiyalik harbiylar borligini rad qilib kelgan. 

Top