Raul Kastro Kuba rahbarligidan ketishi - mamlakatni qariyb 60 yil boshqargan aka-uka Kastrolar erasi yakunlanganining ifodasidir. Ammo hozircha kardinal o‘zgarishlar kutish kerakmi?

Foto: AFP Photo/HO

Payshanba kuni Kuba parlamenti sobiq vitse-prezident Migel Dias-Kanel mamlakat prezidenti etib saylanganini e'lon qildi. U bu lavozim uchun yagona nomzod edi.

Sobiq Ittifoq davrida va Kuba matbuotida Ozodlik oroli deya ta'riflangan Kubada Kastrolar erasi yakunlandi - 1959 yildan buyon Kuba davlatiga Kastrolar oilasiga mansub bo‘lmagan kishi rahbar bo‘ldi.

Shu bilan birga kichik Kastroning ketishi faqat ramziy xarakterga ega - u 2021 yilga qadar kommunistlar partiyasi rahbari bo‘lib qolaveradi, yangi prezident ham ushbu partiya a'zosi.

Islohotlar bo‘ladimi?

Foto: GETTY IMAGES

Ayrim kubaliklar Kastroning ketishi ortidan mamlakatda islohotlar shamoli esa boshlashiga umid qilishmoqda. Ammo unutmaslik kerakki, Dias-Kanel marksist-leninist va texnokrat, u mavjud tartibni o‘zgartirishni istashiga ishonish qiyin.

Dias-Kanel anchagina yosh - u 20 aprel kuni 58 yoshga to‘ladi, u diktator Batista ag‘darilishi va Fidel Kastro hokimiyatga kelishidan keyin tug‘ilgan.

Yana shuni unutmaslik lozimki, Raul Kastro yaqin 3 yil ichida mamlakatdagi eng katta ta'sirga ega siyosiy lavozimda - Kompartiya bosh kotibi lavozimida qoladi.

Bu ancha zalvorli post, prezidentlikdan ham ko‘ra. Partiyaning eng yuqori cho‘qqisidagilar eng muhim iqtisodiy, ijtimoiy va tashqi siyosat bo‘yicha qarorlarni qabul qiladi, prezident esa bu qarorlarni bajarishi shart. Shu tufayli darhol Dias-Kanel keskin o‘zgarishlar qilishini kutish qiyin.

Aka-uka Kastrolar bilan yangi prezident o‘rtasida ayrim farqlar ham bor.

Masalan, Dias-Kanel hech qachon armiyada xizmat qilmagan va aka-uka Kastrolardan farqli ravishda omma oldida harbiy libosda emas, oddiy guayabereda - zig‘irakdan to‘qilgan yengsiz ko‘ylakda namoyon bo‘ladi.