O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorning kirish qismida yer uchastkalarini berish tartib-taomillari noshaffof va byurokratiyalashtirilgan bo‘lib qolmoqda, bu esa tadbirkorlikni rivojlantirish va hududlarning zamonaviy me'moriy qiyofasini yaratishda yerlardan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan yer uchastkalarini berishdagi huquqbuzarliklar yoki ularni asossiz olib qo‘yish bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar yer uchastkalarini berishning tanlov tartibi lozim darajada yo‘lga qo‘yilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Vakolatli organlar faoliyatida yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqish va kelishishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan to‘liq hajmda foydalanish ta'minlanmayapti, bu esa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlarining cho‘zilishiga va byurokratik to‘siqlarga sabab bo‘lmoqda.

Ko‘pchilik aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalari va boshqa shaharsozlik hujjatlari mavjud emasligi, eskirgan va zamonaviy talablarga javob bermaydigan shaharsozlik normalari va qoidalari kompleks qurish talablariga rioya etilmasligiga va aholi punktlarining me'moriy qiyofasi yomonlashuviga olib kelmoqda, deya ta'kidlanadi.

Qarorga ko‘ra, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari bilan o‘zaro munosabatlardagi byurokratik tartib-taomillar va to‘siqlarni qisqartirish maqsadida:

2018 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib belgilanmoqdaki, unga ko‘ra:

  • yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion orqali amalga oshiriladi;
  • yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni yig‘ish, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish faqat zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron shaklda amalga oshiriladi.
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda qonun hujjatlari normalarini va amaliyotda ularni qo‘llashdagi mavjud muammolarni tanqidiy tahlil qilish asosida yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni birxillashtirish bo‘yicha qaror qabul qiladi.