«Oltin to‘p» sovrini har yilning oxirida egasiga topshirilsa-da, kuzda hal qiluvchi o‘yinlar bo‘lmasligidan, odatda, o‘sha yili yakunlanadigan mavsum so‘ngida ko‘p narsa ma'lum bo‘lib ulguradi. Jahon chempionatlari bo‘ladigan, xususan, joriy yil ham istisno bo‘lishi mumkin, lekin tugayotgan mavsumni tahlil qilib, asosiy nomzodlar haqida fikr yuritsa bo‘ladi.

2002 yilda braziliyalik Ronaldo butun mavsumni jarohati tufayli o‘tkazib yuborgan va mundialgacha tiklanib, u yerda terma jamoasiga chempionlikni olib kelgan asosiy futbolchi bo‘lgandi. Bir oy davom etgan musobaqa hujumchi uchun yil yakunlari bo‘yicha eng yaxshi bo‘lishga kifoya qilgandi.

Bu voqea bilan «Oltin to‘p» sovrinida jahon chempionatining ahamiyatini oshirib yubormaslik kerak, masalan, o‘tgan safargi mundialda Xames Rodriges juda yorqin o‘yin ko‘rsatdi, eng ko‘p gol urdi, lekin so‘rovnomada kuchli beshlikka ham kira olmadi.

Rodriges va Ronaldo o‘rtasidagi farq bilan xulosalash mumkin: Ronaldo o‘sha jahon chempionatidan oldin ham o‘z darajasini allaqachon isbotlab ulgurgan top futbolchi edi. Demak, shunchaki, jahon chempionatida o‘ta yorqin o‘yin ko‘rsatish ham «Oltin to‘p»ni kafolatlamaydi – o‘sha musobaqagacha ham top yulduz sifatida o‘zini ko‘rsatgan bo‘lish kerak. 

Foto: Getty Images

Ibrahimovich katta ehtimol bilan mundialda qatnashmaydi, mundialni kutib yotgan boshqa sherlar yo‘q, demak, 2002 yildagi kabi syurprizlarni kutmasdan, hozirdan ushbu sovrin uchun asosiy da'vogarlarni aytish mumkin. 
Leo Messi, Krishtianu Ronaldu, Muhammad Saloh va Kevin De Bryuyne. Mavsumni yuqori saviyada o‘tkazgan, mundial boshlanmasdan «Oltin to‘p» da'vogarlari ruyxatiga o‘z ismini qo‘shib bo‘lgan yulduzlar. Sovrin aynan shu futbolchilar (va boshqalar) o‘rtasidagi kurashda aniqlanishini taxmin qilish mumkin. Keling ushbu futbolchilarning imkoniyatlarini chamalab ko‘ramiz. 

LIONeL MeSSI

Foto: Getty Images

Shubhasiz, dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi. Odatda, da'vogarlardan hech kim hech narsa yutmagan mavsumlarda nazar aynan Leo Messiga tushadi, chunki u dunyoda eng yaxshi futbolchi.

Shu nuqtai nazardan, agar «Real» yoki «Liverpul» YeChL ni yuta olishmasa, mundial oldidan aynan Leo Messi favoritga aylanib qoladi. Chunki Krishtianu Ronaldu ham, Muhammad Saloh ham jamoasi bilan sovrinsiz qolgan bo‘ladi. Messi «Barselona» bilan Ispaniya chempionligini va kubogini yutib bo‘ldi hisob. Yuqorida aytilganidek, jamoaviy ko‘rsatkichlar teng kelib qolganda, Messining imkoniyatlari oshib ketadi.