Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida tashqi reklama sohasidagi faoliyatni tartibga solish chora-tadbirlari loyihasi muhokama qilinmoqda.
Davlat organlarining vakolatlari aniqlashtiriladi
Norma’ning yozishicha, tashqi reklama sohasini tartibga solish vazifalari quyidagicha taqsimlanishi taklif etilmoqda:
• Vazirlar Mahkamasi – aholi punktlari arxitektura qiyofasini hisobga olgan holda tashqi reklama obektlarini joylashtirish tartibini, shu jumladan reklama konstruksiyalari tashqi ko‘rinishiga qo‘yiladigan asosiy talablarni tasdiqlash, shuningdek mintaqalar bo‘yicha tabaqalashtirilgan tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun yig‘im miqdorini belgilash;
• Qurilish vazirligi – tashqi reklama obektlari, shu jumladan reklama konstruksiyalarini qurishda shaharsozlik normalariga rioya etilishini nazorat qilish;
• Davlat raqobat qo‘mitasi – reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shu jumladan uning mazmuni va joylashtirilishi talablariga rioya etilishi, shuningdek yig‘im va reklama sohasida statistikani umumlashtirish ustidan nazorat qilish;
• «E-IJRO AUKSION» – ochiq elektron auksionlar o‘tkazish vositasida yer uchastkalarida tashqi reklama obektlarini qurish huquqini taqdim etish (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno);
• tuman (shahar) hokimliklari qurilish organlari va Davlat raqobat qo‘mitasi bilan birgalikda – tashqi reklama obektlarini qurish uchun beriladigan yer uchastkalari ro‘yxatini shakllantirish, shuningdek ularning joylashuv kartalarini (sxemalarini) tuzish va veb-saytlarida e'lon qilish.
Davlat muassasalari binolariga reklamani joylashtirishga ruxsat beriladi
Davlat boshqaruvi organlari va davlat tashkilotlari ularga tegishli binolarni (boshqa mol-mulkni) tashqi reklama uchun taqdim etadilar. Ular bilan reklama tarqatuvchilar va «Ijara markazi» DUK shartnoma tuzadi.
Bunda reklamani joylashtirish uchun ajratilgan umumiy vaqtning kamida 20%i ijtimoiy reklamaga ajratiladi. Ijtimoiy reklamani joylashtirishning eng kam hajmi («Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 16-moddasi) har bir tashqi reklama obekti bo‘yicha hisoblanadi.
«Reklamadan xoli zonalar» tashkil etiladi
















