Farg‘onaning «Neftchi» klubi matbuot xizmati mavsumdagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki sabablarini ko‘rsatib, katta bayonotni e'lon qildi.

Ma'lumki, jamoa 9ta turdan so‘ng, atigi 4 ochko jamg‘argan, biror marta g‘alaba qozonmagan va so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.

Muvaffaqiyatsiz ishtirok sabablari sifatida klub yangi mavsum boshlanishiga 31 kun qolganda Superligaga qo‘shilgani, seleksiya ishlarini olib borishga ulgurmagani, chempionat boshlangach, jarohatlar girdobida qolib ketgani ko‘rsatilgan.

Yana bir sabab sifatida Rossiyadan kelgan legionerning mug‘ombirlik qilgani keltirilgan.

Jumladan, bayonotda shunday deyiladi: «Neftchi» qisqa fursatli seleksiyada 5 nafar legionerni ko‘rikdan o‘tkazdi va ulardan ikki nafari Vyacheslav Sushkin va Vitaliy Mirniy murabbiylar shtabiga ma'qul keldi. Hujjatlari bilan bog‘liq muammo tufayli, ukrainalik darvozabon ilk turni o‘tkazib yubordi. Hujumchi Sushkin bilan esa kutilmagan voqealar sodir bo‘lib ketdi. Ya'ni, yig‘inlar va o‘rtoqlik o‘yinlari chog‘ida o‘zini ijobiy taraflama ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan rossiyalik o‘yinchi mavsum boshlanishiga keskin o‘zgardi. 1-turda «Nasaf»ga qarshi uchrashuvda 45 daqiqagina harakatlangan futbolchi, yo‘q joydan jarohatlanganlar qatorini to‘ldirdi. Emishki, o‘yinchi yig‘in chog‘ida jarohat olgan hamda to‘liq sog‘ayib ketishiga vaqt kerak bo‘ladi. Yurtimizdagi tibbiyot xodimlarining tekshiruv natijasiga ko‘ra, Sushkin O‘zbekistonga eski, ya'ni, qaytalanib turadigan jarohati bilan kelgan. Hozircha, rossiyalik o‘yinchi jiddiy davolanish bilan band. Afsuski, uning to‘liq o‘ynab ketishiga ishongan vakillarimiz yig‘indagi boshqa hujumchilarning xizmatlaridan voz kechishdi va ularga javob berib yuborishgandi».

Bayonotning katta qismi «Neftchi» muxlislariga odob-ahloq normalaridan dars berishga bag‘ishlangan.

Unda shunday jumlalar bor:

«Istiqlol» sektorlarida jamoani qo‘llab-quvvatlash o‘rniga futbolchilarni keskin haqorat qilish yo‘liga o‘tishgan. Maydon tekis, to‘p yumaloq. Unda xar qanday o‘yinchi xato qilishi mumkin. So‘nggi paytlarda, «Neftchi»ning uy uchrashuvlarida shunday holatlar kuzatilyaptiki, muxlislar maydon egalarini hattoki 90 daqiqa davomida o‘z so‘z boyligidagi jamiki iboralar dan foydalanib, o‘yinchilarga bosim qilishmoqda. Hozir futbolchilar maydonda nafaqat raqib bilan balki muxlislarning bosimiga qarshi ham kurashishlariga to‘g‘ri kelmoqda».