Jamiyat | 02:22 / 01.05.2018
9623
2 daqiqa o‘qiladi

Prezidentga videomurojaat etishga sabab bo‘lgan bolalar maydonchasi buzilishi mish-mish bo‘lib chiqdi

Toshkent shahri Chilonzor tumani 8-kvartalining 2-, 3-, 4-, 5-uylarida istiqomat qiluvchi aholi vakillari va ularning farzandlarining O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga «Bolalar o‘yin va futbol maydonchasini bizga qaytarishga yordam qiling», degan xitob bilan qilgan videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani haqida xabar bergan edik.

Mazkur manzil bo‘yicha yashovchi aholi vakillari Chilonzor tumani hokimligining buyrug‘iga ko‘ra, bolalar maydonchasi va futbol maydonidan iborat uylarning hovlisida xususiy bolalar bog‘chasi qurilishi haqidagi mish-mishlar tarqalganini eshitishgan. Ular asossiz, quruq gap-so‘zlarga ishonib, vahima ko‘tarib, barcha joylarga, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham murojaat qilishgan.

Shu munosabat bilan Chilonzor tuman hokimligi mutasaddilari vaziyatni tahlil qilish va faktlar asossiz ekanligi haqida tushuntirish ishlari olib borish uchun voqea joyiga chiqishdi.

Hokimlik vakillarining mahalliy aholi vakillari bilan suhbatidan shu ma'lum bo‘ldiki, ular o‘zining hokimlik vakillari deya tanishtirgan allaqanday insonlarning so‘zlariga ishonishgan. Ular hokimlik tomonidan berilgan, shaxsini tasdiqlovchi va xususiy bog‘cha qurishga ruxsat etuvchi hech qanday hujjat taqdim etmasdan ushbu hududda yashovchi aholini chalg‘itgan.

Hokimlik vakillari yaqindagina qurilgan va topshirilgan bolalar maydonchasi ushbu hududda yashovchi bolalar uchun ataylab foydalanishga topshirilganini e'lon qilishdi. Bolalar maydonchasi hokimlikning sa'y-harakatlari evaziga, homiylarni jalb etgan holda barpo etilgan bo‘lib, uning o‘rniga hech qanday qurilish obekti tushmaydi».

Mavzuga oid