“O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan”. Yangiyo‘l tumani fuqarolari J.Shukurov va M.Dehqonboyevaning boshidan kechirayotganlarini o‘rganish jarayonida bu maqol bejizga aytilmaganiga ishonch hosil qildim.

Uy buzib tashlangan. Oila bir yildan ortiq vaqtdan beri ko‘chada. Yer kodeksining 91-moddasiga asosan hokim qarori bilan buzilgan uy uchun tovon puli ham to‘langan. Mulk qiymatiga doir konsalting firmasining hokimiyat ixtiyoriga berilgan baholash bo‘yicha original hujjatlari negadir yo‘qolgan. Qizig‘i, baholashni o‘tkazgan firmada ham uning ikkinchi asl nusxasi “tasodifan” topilmayapti.  

KUN.UZ saytiga Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi Ma'mura Dehqonboyeva murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yangiyo‘l tuman hokimligi M39 “Toshkent-Termiz” avtoyo‘lining qizil chizig‘ida joylashgani uchun 3 xonali uyini buzib tashlagan. Hokim qarorida uy o‘zboshimchalik bilan qurilgani sababli buzilayotgani ta'kidlanganiga qaramay, keyinchalik uy egasiga tovon puli berishgan va yer ajratib berish bo‘yicha tuman hokimi qarori loyihasi ham ishlab chiqilgan.

Ayni vaqtda hujjatga tuman hokimligi mutasaddilarining barchasi imzo chekkaniga qaramay, tuman hokimi A.To‘xtaboyev nima uchundir qarorga imzo chekib, M.Dehqonboyevaga uy-joy qurish uchun yer ajratib berish o‘rniga, uni paysalga solib kelmoqda. Biz vaziyatni yaqqolroq tasavvur qilish maqsadida M.Dehqonboyeva istiqomat qilib kelgan Yangiyo‘l tumani “Mirzo Ulug‘bek” MFY “Sho‘ralisoy” qishlog‘ida joylashgan M39 “Toshkent-Termiz” avtoyo‘li yoqasidagi hududga bordik.

M.Dehqonboyeva hamda turmush o‘rtog‘i Jamol Shukurovning ta'kidlashlaricha, barchasi ularning biznes loyihalarini hayotga tatbiq etish borasida harakatlaridan boshlangan. Ularga ko‘ra, oila o‘zlarining xususiy bizneslarini yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu hududda qurilish ishlarini loyiha asosida boshlab yuborgan vaqtlarida ayrim talabgorlar paydo bo‘lib, 15 ming AQSh dollarigacha taklif etishgan. Biroq yosh oila kelajakka ishonch bilan qaraganlari hamda biznes loyihalari muvaffaqiyat qozonishiga qattiq ishonganlari uchun boshlagan ishlarini o‘zlari davom ettirishni xohlashgan. Shu boisdan ham yerni sotish bo‘yicha takliflarni rad etishgan.

“Biz eski hovlimizning orqa tomonidan ham o‘zimizga turar-joy, uning yon tomonidan 3 qavatli bino qurish istagida edik. Binoning loyihasini ham chizdirib, shu bo‘yicha qurilish ishlarini boshlab yuborgandik. 3 qavatli binoning birinchi qavatida avtotexxizmat shoxobchasi, do‘kon, ikkinchi qavatida tikuvchilik sexi, uchinchi qavatida fitnes zali tashkil etishni rejalashtirgandik, - deydi M.Dehqonboyeva. – Biznes loyihamiz foyda keltirishiga ishonchimiz komil edi. Biroq keyingi ishlar bularning bari xomxayol ekanini ko‘rsatdi”.