Jahon | 08:13 / 04.05.2018
3564
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Volkswagen’ning sobiq rahbari va 5 xodimiga dizel mojarosi bo‘yicha ayblov e'lon qilindi 

Foto: RIA Novosti / Mixail Fomichev

Michigan shtati prokuraturasi Volkswagen konsernining sobiq rahbari Martin Vinterkornga dizel avtomobillar chiqaradigan moddalar bilan firibgarlik qilish ishi bo‘yicha jinoiy ayblov e'lon qildi. 

Vinterkornga AQSh hukumatiga qarshi firibgarlik maqsadida til biriktirish va AQShning “Toza havo to‘g‘risida”gi qonunini buzish ayblari qo‘yildi. Vinterkorn bilan birga konsernning yana 5 sobiq xodimiga ham ayblovlar qo‘yilmoqda. Bular: AQSh bozori uchun yangi dvigatelni yaratish bilan shug‘ullangan muhandislar jamoasi rahbari Richard Dorenkamp, konsern brendini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i 
Xaynts-Yakob Noyser, dvigatellar ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Yyens Xadler, sifatni nazorat qilish bo‘limi noziri Bernd Gottvays, konsernning sertifikatlash guruhi xodimi Yurgen Peter.

Vinterkorn konsernni 2007-2015 yillar davomida boshqargan va direktorlar kengashi raisi bo‘lgan. 

Ayblov tomonining ta'kidlashicha, konsern xodimlari dvigatellar standartlarga to‘g‘ri kelmasligini yaxshi bilgan holda, tashqariga chiqariladigan moddalar sinovlari natijalarini soxtalashtirish maqsadida til biriktirganlar.  

Volkswagen AQShda dizel avtomobillarini tashqariga chiqaradigan zararli moddalar haqiqiy qo‘rsatkichlarini kamaytiruvchi dasturiy ta'minot bilan jihozlaganlikda ayblangandi. Kontsern mojaroni hal qilish maqsadida AQShda 2009-2015 yillarda sotilgan Volkswagen va Audi markalaridagi 482 mingta yengil avtomobilni mijozlardan sotib olish va ularga tovon puli to‘lashga kelishib olgan. 

2017 yil yanvarda konsern AQSh hukumati bilan dizel mojarosi doirasida 4,3 mlrd dollarlik jarima to‘lash bo‘yicha kelishib olgan. 

Mavzuga oid