Bugun «Kun.uz»ga noodatiy shakldagi murojaat keldi. Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi o‘quvchilardan biri qo‘ng‘iroq qilib, jurnalistlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi binosi oldiga chaqirdi.

«Bosh prokuraturaga kelinglar. Bugun Bosh prokurorning qabul kuni. Ancha vaqtdan buyon  fuqarolarni hech kim qabul qilmayapti. Ommaviy axborot vositasiga murojaat qilishdan boshqa yo‘l qolmadi. 50 chog‘li odam yig‘ilgan. Bizga yordam bering. Bizni boshqa hech kim eshitmayapti…», dedi u.

Zudlik bilan Bosh prokuratura tomon harakatlandik.

Yo‘l-yo‘lakay ba'zi voqealarni yodga olib ketdik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Toshkent viloyatiga safari yakunida o‘tkazilgan yig‘ilishda prokuratura organi xodimlarini qattiq tanqid qilgan edi.

«Hamma aravani birdek tortishi kerak. Odamlarni rozi qilish kerak. Prokuror qachon yaxshi yashaydi? Xalq yaxshi yashasa! 

Xalq manfaati birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak! Prokuror shundan xulosa qilishi kerak!

Hamma eshitsin: Biz uchun hech kim avtoritet emas. Faqat xalq, faqat xalq va yana bir marta faqat xalq. Mendan boshlab hammamiz xalqqa xizmatkormiz», deya ta'kidlagan edi mamlakat prezidenti.

Mazkur ko‘rsatmalardan so‘ng jamiyatda nimalar o‘zgarmoqda? Prokuratura tizimida-chi? Rostdan ham prokuratura organi xodimlari tomonidan xalq murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmoqdami?

Prokuratura.uz saytida «interaktiv xizmatlar» bo‘limi mavjud. Mazkur bo‘limda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qabulxonasida fuqarolarni qabul qilish jadvali bor. Bugun may oyining birinchi jumasi. Soat 11:00dan soat 13:00gacha Bosh prokuror O.Murodovning qabul kuni. Rostdan ham fuqarolar qabul qilinmoqdami yoki yo‘q bunga guvoh bo‘lish uchun yetib bordik.