O‘zbekiston | 16:18 / 08.05.2018
6367
2 daqiqa o‘qiladi

Paynet asoschisi Botir Orifjonov AKTni rivojlantirish bo‘yicha Jamoatchilik kengashini boshqaradi

Foto: kommersant.uz

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxo‘jayev raisligida vazirlik qoshida 2018 yilning 4 mayida tuzilgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashining I yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Jamoatchilik kengashining bosh maqsadlari vazirlik oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilash va amalga oshirishda shaffoflik hamda samaradorlikni ta'minlash, shuningdek aholi va tadbirkorlik sub'yektlari bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatish orqali vazirlik faoliyatiga nisbatan jamoatchilikning ishonchini oshirishdan iborat.

Shu bilan birga, Jamoatchilik kengashi vazirlik hamda boshqa davlat organlari tashabbusi bilan shakllantirilayotgan me'yoriy-huquqiy hujjatlarning muhokamalarida ishtirok etishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan takliflar ishlab chiqishi, sohani rivojlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasida yangi texnologiyalarni tatbiq qilish bo‘yicha xorijlik ekspert hamda AT-kompaniyalarni jalb qilish choralarini ko‘radi.

21 nafar a'zodan iborat Kengash tarkibiga AKT sohasi konsultantlari, mobil aloqa, elektron to‘lov tizimlari, dasturiy ta'minot ishlab chiqarish va boshqa soha vakillari kiritilgan.

Dastlabki yig‘ilishida ko‘pchilik ovoz bilan Paynet hamda LeBazar loyihalari asoschisi, tadbirkor B.Orifjanov Jamoatchilik kengashining raisi etib saylandi. Shuningdek, SAP kompaniyasining (O‘zbekiston) rivojlantirish bo‘yicha direktori L.Adhamova Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari, vazirlikning Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i S.Mirahmedov Kengashning mas'ul kotibi etib saylandi.

Mavzuga oid