Professional boksda faoliyatini boshlagan o‘zbekistonlik ikki bokschi Shahram G‘iyosov va Murodjon Ahmadaliyev yaqinda ikkinchi jangini o‘tkazishdi va ikkala bokschi ham g‘alabani qo‘lga kiritishdi.

Sportchilar Toshkentga qaytib kelgach, KUN.UZ‘ga eksklyuziv intervyu berishdi. Bokschilar professional boksdagi faoliyati, o‘tmishdagi qiyinchiliklar, oldiga qo‘ygan maqsadlari va rejalari haqida batafsil gapirib berdi.

Youtube.com'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

— Havaskor boks va professional boks o‘rtasida qanday farqni ko‘rdingiz? 

Shahram G‘iyosov: —Havaskor boksdan professional boksga o‘tish ancha qiyin desa ham bo‘laveradi. 12-13 yil davomida boks bilan shug‘ullanib, turli musobaqalar — Osiyo, Jahon chempionati, Olimpiada o‘yinlaridagi ishtirokimiz orqali profi-boksga juda oson moslashib ketamiz deb o‘ylagandik. Lekin xato o‘ylagan ekanmiz. Chunki professional boks bu butunlay boshqa dunyo ekan. Chunki bu yerda sen 3 raund urishib, birdaniga ochkolarni kuta olmaysan. Bu yerda kamida 6, keyinchalik 8 va 10 raund, chempionlik uchun 12 raundgacha jang qilishingga to‘g‘ri keladi. Mashg‘ulotlarda ham juda katta farq bor. 

Hozirda AQShdagi murabbiyimiz asli meksikalik Joel Dias juda ko‘plab chempionlarni yetishtirib chiqargan. U yerda ertalabdan-kechgacha mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. Havaskor boksda bir kunda 3 soat shug‘ullangan bo‘lsak, u yerda 6-7 soatlab tinimsiz mashg‘ulotlar olib boriladi. Eng qiyin tayyorgarlik jarayonlari bu sparring janglarida bo‘ladi. Unda 10-12 raundlab jang qilamiz. AQShda sparring janglari bu mashg‘ulotlarning chigalyozdi, ya'ni boshlanish paytini bildiradi. Havaskor boksda biz mashg‘ulotlarni sparring janglar bilan tugatsak, u yerda mashg‘ulotlar aynan 10-12 raundlik janglar bilan boshlanib keyin, mashqlar boshlanadi. Professional boks menga nimani o‘rgatdi deb so‘rashsa, birinchi navbatda chidamlilikni o‘rgatdi, degan bo‘lardim.

Murodjon Ahmadaliyev: — Professional boksga o‘tish menga u qadar qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q. To‘g‘ri o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor edi, ammo men yangi yo‘nalishga tayyor bo‘lib borgandim. Albatta mashg‘ulotlarda katta farq bor. Shahram aytganidek ular o‘zgacha va juda uzoq bo‘ladi. Janglarga chiqish qiyin emas, aynan mashg‘ulotlar juda murakkab bo‘ladi. Chunki jangda aynan mashg‘ulotlarda ishlangan, o‘zingiz bajarib ko‘rgan ishlarni bajarasiz. Mashg‘ulotlardagi qiyinchiliklar sabab, jangda oson bo‘ladi.