O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining afv etishni amalga oshirish bo‘yicha konstitutsiyaviy vakolatini ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, afv etish mahkumni jazodan to‘liq yoki qisman ozod etadigan yoki sud tomonidan tayinlangan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtiradigan yoxud sudlanganlikni olib tashlaydigan insonparvarlik akti hisoblanadi. Afv etish muayyan mahkumga nisbatan individual tartibda amalga oshiriladi hamda uni oqlaydigan va u tomonidan jinoyat sodir etganlik faktini bartaraf qiladigan holat hisoblanmaydi. Afv etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonini qabul qilish orqali amalga oshiriladi.
Hujjatda ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z ixtiyoriga ko‘ra istalgan mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etishi mumkin. Afv etish O‘zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan hukm qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
Afv etish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
- asosiy va ijro etilmagan qo‘shimcha jazodan to‘liq yoki qisman ozod qilish;
- jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish;
- umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini yoki jazoning o‘talmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish;
- sudlanganlikni olib tashlash.
Afv etish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengash organi hisoblangan Komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, shuningdek, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamda «Nuroniy» jamg‘armasi vakillari kiritiladi. Uning tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, shuningdek, boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari hamda boshqa shaxslar ham kiritilishi mumkin.
Afv etish to‘g‘risidagi iltimosnoma mahkum yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs, shuningdek, qonun hujjatlari bilan afv etish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish huquqi berilgan shaxs (organ)lar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yozma shaklda beriladi. Agar iltimosnoma qonun hujjatlari bilan afv etish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish huquqi berilgan shaxs (organ) tomonidan berilgan bo‘lsa, mahkumning yozma roziligi olinishi shart.















