Odatda sog‘lom odamlar o‘zlaridagi bebaho ne'matlarga noshukrlik qilishadi. Yo‘qsa, jismonan imkoniyati cheklanganlarga boshqacha nigoh bilan qaragan bo‘lishardi. Gap «Kun.uz» saytida bir yil muqaddam tilga olingan «unutilayotgan odamlar» haqida. Tahririyatimizga kelgan bir murojaat e'tiborimizni tortdi. Qo‘ng‘iroqlashdik. O‘sha samimiy va chorasiz ovoz. Shundan so‘ng vodiyga safarimiz chog‘ida Farg‘ona shahrida bo‘ldik. «Ko‘zi ojizlar jamiyati» Farg‘ona viloyati bo‘limi manzili sari yo‘l oldik. Bizni jamiyat raisi Bahodirjon kutib oldi. Birrov Farg‘ona oqshomida sayr qildik. Ular bilan samimiy suhbatda bo‘ldik.
Bahodir Boltaboyev: Ko‘zi ojizlar jamiyati Respublika miqyosida tashkil etilgan ko‘zi ojizlarni ko‘llab-quvvatlaydigan yagona jamoat birlashmasi hisoblanadi. Tarixi haqida fikr yuritsak, mana 86 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelyapti.
Jurnalist: Xo‘sh,bu jamiyat asosan nima vazifa bilan shug‘ullanadi?
Bahodir Boltaboyev: Jamiyatning asosiy maqsadi - ko‘zi ojiz nogironlarni jamiyatda yagona manfaat yo‘lida birlashtirish. Ularning orasida uyda qolib ketgan jamiyat a'zolari, o‘qishga kira olmaganlari va ishga joylasha olmaganlari bor. Shularni turli xil ko‘rik-tanlovlar tashkil etish orqali ruhiy qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Jurnalist: Jamiyatning qancha a'zosi bor?
Bahodir Boltaboyev: Bizning viloyatimizda 7054 nafar ko‘zi ojiz nogironlar bor. Jamiyat shu a'zolar uchun seminar-treninglar tashkil etadi. Homiylar topib, ijtimoiy reabilitatsiya vositalari va «Brayl» (ko‘zi ojizlar uchun maxsus alifbo) daftarlari tarqatiladi.
Jurnalist: Jamiyat qaysi mablag‘lar orqali ushbu tadbirlarni o‘tkazadi? Hozirgi kunda bu bo‘yicha muammolar bormi?
Bahodir Boltaboyev: Barchasi homiylar orqali tashkil etiladi. Muammolar asosan ish haqi to‘xtab qolgani sababli bo‘lmoqda. Byudjyet hisobidan 9ta shtatga ish haqi 26 yil davomida uzluksiz berib kelinar edi. Xayriyani ish haqi qilib ishlatish noqulaylik tug‘diradi, qolaversa, bu pullar maoshlarning yarmini ham qoplay olmaydi. Maosh to‘lash 2018 yilning yanvar oyidan beri to‘xtab qoldi. 2017 yil ham to‘xtab qolgan edi. «Kun.uz» saytining avvalgi yili e'lon qilgan «Unutilayotgan odamlar» nomli maqolasidan so‘ng vaziyat o‘nglangan edi...

















