DW xabariga koʻra, Kiyev viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Timur Tkachenko Vishgorodda vayronalar ostidan erkak, ayol va yana bir bola tirik olib chiqilganini maʼlum qilgan. Ularga tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

Tkachenkoning aytishicha, viloyatning Vishgorod tumanida bir nechta xususiy uy zararlangan va vayron boʻlgan. Turar joy hamda garajlarda yongʻinlar chiqqan.

Bucha tumanida uchta xususiy uy, 11 ta avtomobil va ikkita omborxona zararlangan. Bu hududda ham yongʻin yuz bergan. Shuningdek, Bucha, Vishgorod va Obuxov tumanlaridagi infratuzilma obyektlarida hujum oqibatlari qayd etilgan.

Kiyevning oʻziga ham shu kecha ballistik raketalar bilan zarba berilgan. Shahar meri Vitaliy Klichkoning maʼlum qilishicha, Svyatoshin tumanida xususiy turar joylar hududida, Obolon tumanida doʻkonda, Goloseyev tumanida esa ombor binosida yongʻin chiqqan.

Klichko Kiyevda ikki kishi jabrlanganini, ulardan biri - ayol shifoxonaga yotqizilganini bildirgan.

Kiyev va uning atrofi bir necha kundan beri hujumga uchramoqda

27-sentabr kuni Kiyev yaqinidagi Sofiyevskaya Borshchagovka qishlogʻida joylashgan «Stolichniy» bozoriga dron urilgan. Ukraina rasmiylariga koʻra, ikki kishi halok boʻlgan, yana 10 kishi yaralangan. Shu kuni Kiyevning bir nechta tumani ham dronlar hujumiga uchrab, oʻnlab odam jabrlangan.

28-sentabrga oʻtar kechasi Ukraina poytaxtiga yana dronlar bilan hujum qilingan va bir necha kishi yaralangan. Kunduzi esa Ukraina Milliy fanlar akademiyasi binosi zarbaga uchrab, kuchli yongʻin chiqqan. Klichko 28-sentabrdagi hujumlar oqibatida Kiyevda ikki kishi halok boʻlgani va 26 kishi jabrlanganini maʼlum qilgan.

29-sentabrga oʻtar kechasi ham poytaxtga raketa va dronlar bilan zarba berilgan. Raketa parchalari turar joy yaqiniga, dron esa yoʻlning qatnov qismiga tushgan. Oʻsha hujumda halok boʻlganlar yoki jabrlanganlar haqida maʼlumot kelib tushmagan.