Ishbilarmon, notiq, "Qanday qilib ilhomni qaytarish va ishga mehrni tiklash mumkin?" kitobi muallifi Skott Motts Inc'da qanday qilib muvaffaqiyatga erishish va orzudagi karerani qurish mumkinligiga doir maslahatlari bilan bo‘lishdi.

1. Sizning karerangiz faqat o‘zingizga bog‘liq

25 yoshga to‘lganimdan keyin yirik kompaniyaga ishga joylashganimda orzularim amalga oshgunicha qandaydir bir ilohiy kuch meni lavozimdan lavozimga ko‘taradi, deya taxmin qilganman. O‘zim esa bunga u qadar harakat ham qilmaganman.

Bunday qopqonga tushmang. Ha, qaysidir bir pallada atrofdagilar sizga yordam berishi mumkin, biroq sizning kelajagingiz faqat o‘zingizga bog‘liq.

Nima istayotganingizga aniqlik kiriting va tashabbus ko‘rsating.

2. O‘z yo‘lingizni o‘zingiz tanlang

Foto: pngtree.com

Siz uchun aynan nima muhim ekanini faqat o‘zingiz hal qilishingiz mumkin. Birovlar sizdan kutayotgan emas, o‘zingiz istagan karera, o‘zingiz istagan hayot sari harakat qiling. Shunda o‘z hayotingizdan qoniqish hosil qilasiz, keksayganingizda o‘z yo‘lingizdan borishga jur'atingiz yetmaganidan afsuslanishga to‘g‘ri kelmaydi.

3. Boshqalarning qo‘llab-quvvatlashini kutmang, o‘zingizga sodiq qoling

Foto: depositphotos.com

Boshqalarning qo‘llab-quvvatlashi — tashqi motivatsiya. U hech qanday ahamiyatga ega emas. U sizni o‘zingizga bo‘lgan ishonchdan mahrum qiladi. Agar siz uchun muvaffaqiyat boshqalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga bog‘liq bo‘lsa, hech qachon unga erisha olmaysiz. O‘zingizga sodiq qoling.

4. Muvaffaqiyatga oid tasavvuringiz o‘zgaradi

25 yil ilgari men muvaffaqiyat — xizmat pillapoyasidan imkon qadar tezroq ko‘tarilish, deb hisoblaganman. Hozir esa buni o‘z manfaatlarimdan-da kattaroq biror maqsad uchun xizmat qilishda ko‘raman. Avvallari esa bu xayolimga ham kelmasdi.

5. Atrofdagilarga kuch-quvvat ulashing

Odatda boshqalarga shijoat va ijobiy kayfiyat ulashuvchi kishilar muvaffaqiyatni o‘zlariga jalb qilishadi. Hayotni qora ranglarda ko‘ruvchi, g‘iybatchi va boshqalarga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lgan kishilarni esa muvaffaqiyat chetlab o‘tadi.