“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga o‘qishga qabul qilishda test sinovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi Davlat test markazi buyrug‘i normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e'lon qilindi.

Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga o‘qishga qabul qilishda test sinovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, test sinovi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi.

Institut Davlat test markazi bilan kelishgan holda kirish sinovlariga ruxsat berilgan kundan boshlab, yigirma kun mobaynida test sinovini o‘tkazish uchun shartnoma tuzadi, test sinovi o‘tkaziladigan kunni belgilaydi.

Test sinovi natijalari test o‘tkazilgan kundan so‘ng uch kun mobaynida e'lon qilinadi.

Qabul jarayonini yuqori darajada uyushqoqlik bilan, tartibli ravishda tashkil etish, test jarayonining xolisona va adolatli o‘tishini ta'minlash, nomzodlarga ularning test sinovi jarayonidagi vazifalari, huquq va majburiyatlarini tushuntirish, test sinovini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha zarur sharoitlarni yaratish hamda test sinovi natijalari bo‘yicha abituriyentlarga to‘liq ma'lumotlar berish Institut tomonidan tashkil etilgan Qabul komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi.

Test sinovi jarayonini videotasvirga tushirish ishlarini tashkil etadi. Test sinovi tugaganidan keyin videotasvirlar bosh shtabda Davlat test markazi mas'ul xodimiga topshiriladi.

Qabul komissiyasi test sinovi belgilangan kundan kamida 15 kun oldin mazkur abituriyentlarning umumiy ro‘yxatini, shuningdek test sinovi o‘tkaziladigan binolar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni, shuningdek, O‘zbekiston tarixi, iqtisodiyot nazariyasi va huquqshunoslik fanlaridan o‘quv dasturlarni va test sinovi topshiriqlarini Davlat test markaziga taqdim etadi.

Test sinovi o‘tkaziladigan binolarni test sinoviga tayyorlash bo‘yicha javobgarlik qabul komissiyasi zimmasiga yuklatiladi. Test sinovlari Institut binosida yoki boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkaziladi.

Test sinovi o‘tkaziladigan binolar hududiy joylashuvi bo‘yicha test materiallarini o‘z vaqtida va xavfsizligi ta'minlangan holda yetkazish hamda Davlat test markazi mas'ul xodimining test sinovi jarayonida nazorat qila olishi uchun bir-biriga yaqin bo‘lishi kerak.