Sport | 13:21 / 02.06.2018
11341
2 daqiqa o‘qiladi

To‘sun muxlislarga o‘lim bilan tahdid qilgani uchun maydondan chetlatildi

Turkiya terma jamoasi hujumchisi Jyenk To‘sun Tunisga (2:2) qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydondan chetlatildi. 

Futbolchi muxlislarga qarata barmog‘ini tomog‘idan o‘tkazib, o‘lim ishorasini qilgani uchun hakam tomonidan qizil kartaga loyiq ko‘rildi, deb xabar beradi Daily Mail.

Foto: Daily Mail

Shveytsariyaning Karuj shahrida boshlangan o‘yin notinch o‘tdi. Turkiyadan kelgan muxlislar shovqin-suron solib, pirotexnika vositalaridan foydalana boshladilar. Ular uloqtirgan fayyerlardan biri To‘sunning otasi va amakisi o‘tirgan joyga tushdi. Bundan darg‘azab bo‘lgan futbolchi muxlislar bilan orani ochiq qilishga urindi, ammo, jamoadoshlari uni to‘xtatib qolishdi. Shunda ham, To‘sun o‘zini bosib ololmadi va muxlislarga qarata barmog‘ini tomog‘idan o‘tkazib, o‘lim ishorasini qildi. Shundan so‘ng, vaziyatni kuzatib turgan bosh hakam Fedayi San zudlik bilan uni maydondan chetlatdi.

Muammolar shu bilan tugamadi. O‘yindan so‘ng, muxlislar maydonga yopirilishdi, futbolchilar esa maydonni zo‘rg‘a tark etishga ulgurishdi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya JCh-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritolmagan. Tunis esa mundial guruh bosqichida Angliya (18 iyun), Belgiya (23 iyun) va Panama (28 iyun) bilan bellashadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid