Yaqin kelajakda Oroldagi ekologik talofatni yumshatishga qaratilgan aniq tadbirlar o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari Boriy Alixonov 8 iyun kuni "Orol fojiasi asoratlarini yumshatish bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion qarorlar va investitsiyalar" mavzuidagi xalqaro konferensiya doirasida KUN.UZ muxbiriga shu haqida ma'lum qildi.

"Orol bo‘yidagi ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy ahvolni yaxshilashga qaratilgan yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, Orol bo‘yi aholisining bandligini ta'minlash, salomatligiga e'tibor berish va Orol bo‘yidagi aholining eng asosiy muammolaridan biri bo‘lmish infratuzilmani yaxshilash, ekologik sharoitini yaxshilash, ichimlik suvi bilan ta'minlashga yo‘naltirilgan aniq loyihalarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda", - deydi Alixonov.

Orol haqida ko‘p gapiriladi, bu muammo haqida bilmagan odam bo‘lmasa kerak, biroq Orol talofatlarini yumshatishga doir aniq amaliy qadamlar qo‘yilishi kerak bo‘lgan vaqtda barcha masalalarni qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Bu juda muhim masala. So‘zdan amaliy qadamlarga o‘tish vaqti keldi.
O‘tgan yili O‘zbekiston prezidenti tomonidan Orol fojiasi asoratlarini yumshatish to‘g‘risidagi maxsus qaror qabul qilindi. Zamonamizning global ekologik muammosini hal qilishda xalqaro hamjamiyat hamkorligiga alohida e'tibor qaratildi. Shu munosabat bilan bugungi konferensiya yakunlariga ko‘ra, aniq vazifalar belgilab olinadi.

"Yaqin istiqbolda Orol muammolarini hal qilish bo‘yicha dasturiy hujjatlar paketini qabul qilish va ularni yechish ko‘zda tutilmoqda. Orol bo‘yi aholisi mintaqadagi ekologik fojia asoratlari yumshatilayotganini his qilishi kerak", - deydi Boriy Alixonov.
Ta'kidlash joizki, qachonlardir Orol dunyoning kattaligi bo‘yicha to‘rtinchi dengizi hisoblangan. U xilma-xil baliqlarga boy bo‘lgan. Bu yerda yillik baliq ovlash hajmi 35 ming tonnaga yetgan vaqtlar bo‘lgan. Dengizda 38 xil baliq turi yashagan, bulardan 20 xili endemik turdagi baliqlar hisoblangan.















