Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatida hakamlar videotakrorlardan foydalanayotganidan xabaringiz bor. Ushbu yangilik har kim tomonidan turlicha qabul qilinayotganligi tabiiy. O‘yindagi uzilishlarni ro‘kach qilib, bu yangilikka tamoman qarshilar ham bor, ular bilan bahslashish shart emas, bu borada fikrim qat'iy — adolat haqida gap borganda, o‘yin sur'ati haqida fikr yuritishdan ma'ni yo‘q. Bu haqida Ravshan Ermatovning ajoyib fikri kifoya: «bir xato ustida o‘n yil tortishib yurgandan, bir daqiqa o‘yinni to‘xtatib, uni joyida to‘g‘rilagan afzal».

Misol uchun, jahon chempionatida juda ko‘p penalti belgilanyapti. Rekord darajada. Va bu penaltilarning deyarli hammasi VAR (videotakror tizimi) yordamida belgilanmoqda. Go‘yoki, aynan mana shu tizim aslida normal holatda penalti bo‘lmagan vaziyatlarni penaltiga aylantirib qo‘yayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Ammo bir muhim jihatni e'tiborga olish kerak – bu tizimda hakamning qarorini o‘zgartirish yoki hakamni boshqarish ko‘zda tutilmagan. Hakam o‘ziga ishonmayotgan, vaziyatni aniq ko‘ra olmayotgan paytlarda videotakror orqali kerakli rakursda vaziyatni ko‘rish imkoniga ega bo‘lyapti xolos. Ya'ni kecha, Junayt Chaqir Argentina darvozasiga belgilagan birinchi penaltida ham, belgilamagan ikkinchi penaltida ham tamomila mustaqil qaror chiqardi. Faqat shu qaror uchun videotakrordan tasvirlarni ko‘rib oldi xolos.  

Xo‘sh, videotakrorlar qanday vaziyatlar uchun qo‘llanilmoqda?

FIFA tashkilotining rasmiy saytida bu aniq va sodda shaklda tushuntirib berilgan. Videotakror asosan qo‘yidagi to‘rt xil holatni aniqlashtirishda qo‘llanilishi belgilangan.

Golning haqqoniyligini aniqlash. Misol uchun, futbolchi ofsaydda qolgan holatda yoki qoida buzish orqali raqib darvozasini ishg‘ol qilsa, videotakrordan foydalangan holda, hakam qaror chiqarishi, dastlabki qarorini o‘zgartirishi mumkin. To‘p darvozaga kirgach, o‘z-o‘zidan o‘yinda uzilish sodir bo‘ladi, ya'ni bu yerda o‘yin sur'atining tushishi haqidagi gaplar ortiqcha.

Penaltini bor yoki yo‘qligini aniqlash. Penaltining belgilanishi yoki belgilanmasligi ham o‘yin natijasiga ta'sir qiladigan muhim qarorlardan biri. Jarima maydonida qoida buzilgani yoki buzilmagani videoassisent yordami bilan aniqlashtirilishi mumkin.

Qizil kartochka. Qizil kartochkaga loyiq qoida buzilishi yoki vaziyatning qizil kartochkaga «tortmasligi»ni aniqlash uchun ham, videotakrorga murojaat qilinishi mumkin. Bu yerda faqat to‘g‘ri-to‘g‘ri qizil kartochkalar nazarda tutilgan, ikkinchi sariq kartochka emas. Masalan, Eronga qarshi o‘yinda Krishtianu Ronalduga videotakrordan keyin sariq kartochka ko‘rsatildi. Aslida, tizim sariq kartochka ko‘rsatish uchun emas, qizil kartochka bor yoki yo‘qligini aniqlashtirish uchun qo‘llanilgan edi. Qizil kartochkaga tortmasligi ma'lum bo‘lgach, sariq kartochka bilan kifoyalanildi.