Germaniya terma jamoasining jahon chempionatini juda erta tark etishi sabablari ayni kunlarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylanib qoldi.
Eng birinchi diqqat qaratish kerak bo‘lgan jihat shuki, chempionlik maqomini himoya qilish oson ish emas. Boshlanishi uzoq 1930 yilga borib taqaladigan mundiallar tarixida shu vaqtgacha bor-yo‘g‘i ikki terma jamoa bu ishning uddasidan chiqqan. 1938 yilda Italiya, 1962 yilda Braziliya ketma-ket ikkinchi marta jahon kubogini qo‘lga kiritgan. Shunda ham faqat Italiya ayni bir murabbiy qo‘l ostida ikki marta jahon birinchiligida g‘olib chiqqan, xolos. Ustiga ustak, so‘nggi to‘rt mundialda amaldagi chempion guruh bosqichidan nariga o‘tolmayapti.
Ha, jahon chempionatida g‘oliblikni qayta qo‘lga kiritish o‘ta murakkab masala. Biroq yaxshi yangiliklar ham bor. Braziliya amaldagi chempion sifatida qatnashgan JCh-1998da finalgacha, JCh-2006da chorak finalgacha yetib bora olgan.
Yoaxim Lyov JCh-2018 oldidan deyarli yuz yillik tarixda sanoqli marta qayd etilgan hodisaga da'vogarlik qilish mas'uliyatini to‘la anglab yetdimi? Uning xato ketidan xatoga yo‘l qo‘yishi bu savolga salbiy javob berishga undaydi.
Xo‘sh, Lyovning qaysi xatolari bugungi muvaffaqiyatsiz natijalarga olib keldi? Quyida murabbiy tomonidan yo‘l qo‘yilgan 5ta asosiy kamchilik tahlili.
1. Terma jamoaning «ishlov berilmagan» tarkibi

Tahlil boshida terma jamoa tarkibi haqida to‘xtalib o‘tsak. Yoaxim Lyov joriy mundial uchun 23talik futbolchilar ro‘yxatini asosan JCh-2014da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa o‘yinchilari asosida shakllantirdi. O‘tgan chempionatdagi tarkib bilan hozirgisi futbolchilik faoliyatini yakunlagan o‘yinchilar hisobiga farq qilmoqda: Filipp Lam, Miroslav Kloze, Bastin Shvanshtayger va Lukas Podolski termadagi faoliyatini yakunlagani uchungina Lyov ularni Rossiya mundialiga olib kelmagandek.
Lyov ularning o‘rnini to‘ldirish uchun Konfederatsiyalar kubogi oldidan tarkibga yangi futbolchilarni jalb etishda hech qanday yangilik qo‘llamasdan, standart qarorlar qabul qildi. Xususan, «Bavariya» Filipp Lamning pozitsiyasida Yozua Kimmixni o‘ynatayotgani Lyov uchun ayni muddao bo‘ldi. Timo Vernerni hisobga olmaganda, Bundesligada porlab chiqayotgan hech qaysi yosh o‘yinchiga terma jamoada imkon berilmadi. Ustiga ustak, chap qanot himoyasi muammosini yechish uchun Yonas Hektorni tarkibga jalb etish qarori ham o‘zini oqlamadi. Xuddi shu pozitsiyada o‘ynovchi «Augsburg» himoyachisi Filipp Maks 2017/18-yillar mavsumida 12ta golga assistentlik qilib, bu borada chempionat reytingida 2-o‘rinni oldi; uning vaziyatni to‘g‘ri baholab, to‘pni sherigiga vaqtida va o‘ta qulay tarzda yetkazib berish qobiliyati Germaniya termasining kuchli quroliga aylanishi mumkin edi, biroq Lyov uning o‘rniga Marvin Plattenhardtni tanladi va negadir bu tanlovidan chempionat davomida deyarli foydalanmadi: «Gerta» vakili uchta o‘yindan 2tasida maydonga tushirilmadi, Meksikaga qarshi o‘yinda 79 daqiqa maydonda bo‘ldi xolos. Bunday qaroridan keyin Germaniya 3ta o‘yindan 2tasida gol ura olmaganini Lyov nima bilan izohlaydi?






















