O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Hujjat prezidentning 2018 yil 28 fevraldagi PQ-3574 sonli «Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroridan kelib chiqib va fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash, ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilingan.

Unga ko‘ra, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tashkil etish taklifi ma'qullangan.

Markazlar yuridik shaxs sifatida tashkil etiladi, bankdagi hisob raqamlariga, shaxsiy g‘azna hisob raqamlariga, o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.

Markazlar tomonidan fermer xo‘jaliklariga quyidagi asosiy xizmatlar ko‘rsatiladi:
- fermer xo‘jaliklari bo‘yicha buxgalteriya hisobi yuritish;
- fermer xo‘jaliklari ishchilariga ish haqi va undan majburiy ajratmalar ajratish;
- mavsum yakuni bo‘yicha fermer xo‘jaliklarining asosiy vositalari, tovar-moddiy zaxiralari, pul mablag‘lari, debitorlik va kreditorlik qarzlari invertizatsiyadan o‘tkazish;
- soliqlar bo‘yicha hisob-kitoblar, soliq organlari bilan qarzdorlik bo‘yicha solishtirma dalolatnomalarini tuzish hamda soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishini tashkil etish;
- moliyaviy va statistika hisobotlarini tuzish va ularning tegishli organlarga taqdim etilishini tashkil etish;
-fermer xo‘jaligining yil yakuniga ko‘ra daromadlari va xarajatlarini tahlil qilish va keyingi yilga biznes reja tuzishda amaliy yordam berish.

Markazlarning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari, fermer xo‘jaliklari tomonidan to‘lanadigan a'zolik badallari va pullik xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar hisobiga moliyalashtiriladi.

Bunda, ish haqi va unga tenglashtiriladigan xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.