O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga sharh berildi.

Keyingi yillarda davlat xaridi uchun boshoqli don mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ammo qishloq xo‘jaligining mazkur muhim tarmog‘idagi real holat tahlili yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganini, o‘z yechimini kutayotgan jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, boshoqli don ekinlari ekish uchun yerlarning sifatsiz tayyorlanishi, agrotexnika qoidalariga rioya qilinmaslik, ayniqsa, ekin-tikin ishlarining kechiktirib yuborilishi, talab qilingan moddiy-texnika resurslari o‘z vaqtida yetkazib berilmasligi oqibatida kutilgan hosil olinmayapti.

Joylardagi mas'ullar va fermerlar tomonidan kontraktatsiya shartnomasi majburiyatlari bajarilmayotgani, hosildorlikni oshirish va qo‘shimcha daromad olish yuzasidan yetarlicha choralar ko‘rilmayotgani ham ayni haqiqat.

Qolaversa, yuqori hosildorlikka erishgan fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish, hosildorlik ko‘rsatkichi past bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga nisbatan esa keskin choralar ko‘rish tartibi ishlab chiqilmagani sug‘oriladigan unumdor yer maydonlaridan foydalanish samaradorligining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Vazirlar Mahkamasining «Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori soha ravnaqida to‘g‘anoq bo‘layotgan ushbu muammolarni bartaraf etish va uni sifat jihatidan yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Qarorda davlat xaridi uchun boshoqli don yetishtirish bo‘yicha amaldagi tartibdan mutlaqo farq qiladigan yangi tizim va mexanizmlar joriy etilishi nazarda tutilgani uning tarixiy ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.

Xususan, unga ko‘ra, 2019 yil hosili uchun sug‘oriladigan va lalmi maydonlarga ekilgan boshoqli don ekinlari yalpi hosilining prognoz hajmlari tasdiqlanib, sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olish «yerga nisbatan xiyonat» deb baholanishi va yer ijara shartnomasi bekor qilinishigacha choralar ko‘rilishi belgilandi.

Yana bir yangilik 2019 yildan e'tiboran O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti parametrlariga sug‘oriladigan yerlarda boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga yagona yer solig‘ini hisoblashda soliq stavkalariga hosildorlikka qarab koeffitsiyentlar qo‘llash tartibi kiritilganidir.