O‘zbekiston | 01:28 / 10.07.2018
7486
3 daqiqa o‘qiladi

E-VISA.UZ taqdimoti bo‘lib o‘tdi: ustuvor jihatlar qayd etildi

9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personalizatsiya markazi bilan hamkorlikda E-VISA.UZ kirish elektron vizalarini berish tizimining taqdimoti o‘tkazildi. KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va mamlakatning xususiy turistik tashkilotlari ishtirok etishgan.

Taqdimotning asosiy maqsadi turistik faoliyat sub'yektlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori, shuningdek E-VISA.UZ kirish elektron vizalarini berish tizimi (e-visa.gov.uz sayti)ning ustuvor jihatlari va undan foydalanish tartibi bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir avvalida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, shu jumladan xorij fuqarolarining O‘zbekistonga kirish tartibini takomillashtirish, rasmiy jarayonlarning soddalashtirilishiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

E-VISA.UZ tizimining ustuvor jihatlari qayd etildi:

  • xorij fuqarolarining kirish vizalarini rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalariga, konsullik idoralariga majburiy murojaatini bekor qilish;
  • xorij fuqarolarining kirish vizasini olishga doir murojaatini ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish;
  • respublikaga kirishga doir ruxsatnoma hujjatini rasmiylashtirishda zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalanish.

Davlat personalizatsiya markazi mutaxassislari tomonidan E-VISA.UZ kirish elektron vizalarini berish tizimi taqdimoti o‘tkazildi, tadbir ishtirokchilari elektron vizani rasmiylashtirish, berish, foydalanish tartibi bilan tanishtirildi. Tizimni ishlab chiqishda qator xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilgani alohida qayd etildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat personalizatsiya markazi vakillari tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Xususiy turistik tashkilotlar vakillari yangi tizimni yanada takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar bildirishdi. Tashkilotchilar ular albatta inobatga olinishi va tizim xorijiy sayyohlar hamda mahalliy turoperatorlarga qulay bo‘lishiga qaratilgan yangilanishlar bilan ta'minlanib borishini ta'kidlashdi.

Mavzuga oid