Ostonadagi Milliy muzeyda Nursulton Nazarboyevning haykali o‘rnatildi.

Haykal Nazarboyevning taxtga o‘xshash kursida o‘tirgan ko‘rinishida bajarilgan. Haykalning orqasidagi devorda lotin harflarida “Mening orzuim – Qozog‘iston “Mingyillik El” bo‘lishi. Zamon o‘tadi, odamlar o‘tadi, biroq Mustaqillik qoladi. Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Elboshi Nursulton Nazarboyev” degan yozuv joylashtirilgan.

Haykal muzeyning 1-qavatida “Mingyillik El” triptixi (bir g‘oya bilan birlashgan uchta suratdan iborat asar) yonida joylashtirilgan.

Milliy muzey Nazarboyevning ko‘rsatmasi bilan tashkil etilgan va 2014 yil 2 iyulda ochilgan. Markaziy Osiyodagi eng yirik muzey hisoblanadi. Muzey Ostonadagi Mustaqillik maydonida joylashgan. Bu yerda Turkiston, O‘tirar, Taraz, Qo‘yliq, Bozoq kabi qadimiy shaharlar topilmalari va boshqa eksponatlar joylashtirilgan.

















