Fan-texnika | 12:50 / 17.07.2018
9363
3 daqiqa o‘qiladi

Inson ichki hissiyotlarini aniqlab beruvchi kamera yaratildi

Foto: AFFECTIVA

Yuzdagi emotsiyalarni aniqlash texnologiyasi takomillashib boryapti. U nimani his qilyayotganimizni, shubhali xatti-harakatlarni aniqlab berish imkoniyatiga ega. Biroq bu shaxsiy hayot va fuqarolik erkinligiga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Texnologiyaning ushbu jabhasi sun'iy intellekt rivojlanishi bilan baravar o‘sib bormoqda va bugungi kunda smartfonlar parolini ochish, jinoyatchilarni aniqlash, bank operatsiyalari o‘tkazishni amalga oshirmoqda. Bir qancha kompaniyalar ushbu texnologiya bizning hissiy holatimizni ham baholash qudratiga egaligini ta'kidlashmoqda. O‘tgan asrning 70-yillaridan beri ruhshunoslar fotosurat va videodan odam yuzidagi «mikro ifodalar»ni o‘rganish orqali yashirin hissiyotlarni aniqlay olishmoqda. Algoritm amallari va yuqori ko‘rsatkichli kameralar ushbu jarayonni aniqlikda bajara oladi.

HIS Markit’da videokuzatuv bo‘yicha ekspert Oliver Filippou shunday deydi: «Kameralar hozirgi paytda tijorat maqsadlarida foydalanilayotganidan xabaringiz bor. Savdo nuqtalarida o‘rnatilgan kameralar odamlarning shaxsini aniqlash emas, ularning yoshini bilish uchun yo‘laklarga o‘rnatiladi. U faqat tovarlar ko‘proq sotilishiga yordam bera olishi mumkin».

Marketing tadqiqot agentligi Kantar Millvord Braun Affektiva (AQSh) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan texnologiya orqali xaridorlar TV reklamalarga nisbatan qay darajada reaksiya paydo qilishini baholashga urindi. Affektiva inson yuzini (ularning ruxsati bilan) tasvirga oladi. So‘ng ularning yuz ifodalaridan nima haqida o‘ylayotganlarini aniqlaydi.

«Biz insonlar bilan suhbatlashamiz. Ularning xatti-harakatlarida ko‘proq farqni ko‘ryapmiz», dedi kompaniya boshqaruvchi direktori Grehem Peyj.

Shubha, jahl hissiyotlari yaqqol yuz ifodasida hosil bo‘lmaydi. AQShdagi yana bir yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lgan WeSee gumondor shaxslarni so‘roq qilish paytida ichki hissiyotlarini bilish usullari ustida ishlamoqda. Bosh ijrochi direktor Devid Fulton BBC nashriga bergan intervyusida shunday deya ishonch bildirgan: «Kelajakda videokameralar shubhali harakatni aniqlashi va xavf soluvchi teraktlar haqida mutasaddilarga xabar berishi mumkin. Odamlar gavjum hududlarda ham shunday imkoniyat yaratiladi».

Lekin janob Filippou bu borada ishonchsizlik bilan qaramoqda: «Yuz ifodasini aniqlash uchun keladigan bo‘lsak, haliyam ko‘plab xatolar mavjud. Tajribali firmalar ham insonlarni 90-92 foiz aniqlab berishi mumkin».

Privacy International xodimi Frederike Kaltunner hissiyotni videokuzatuvdan o‘tkazish, yuz ifodasidan shaxsni aniqlash inson daxlsizligiga rahna soluvchi jihatlar ekanligini ta'kidladi.

Mavzuga oid