Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan 2018 yilning yanvar – iyun oylari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha yalpi hududiy mahsulotning (YaHM) dastlabki baholash ishlari amalga oshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

YaHM – milliy hisoblar tizimining asosiy ko‘rsatkichi bo‘lib, muayyan davrda mintaqaning iqtisodiy hududida joylashgan rezident – institutsional birliklar ishlab chiqarish faoliyatining yakuniy natijasini ifodalaydi. YaHM ishlab chiqarish usulida, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi va mahsulotlarga sof soliqlar yig‘indisi orqali hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning yanvar – iyunida YaHM hajmi joriy narxlarda 4 947,9 mlrd. so‘mni tashkil etdi va 2017 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 3,5 foizga o‘sdi. YaHMning o‘sishi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi – 102,6 (YaHM tarkibidagi ulushi – 10,1 foiz), sanoat – 104,0 (36,3 foiz), qurilish – 101,5 (8,4 foiz), xizmatlar sohasi – 103,7 foiz (45,2 foiz) kabi hudud iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridagi ijobiy o‘sish sur'atlari bilan bog‘liq. Aholi jon boshiga hisoblangan YaHM 2 677,6 ming so‘mni tashkil etdi va 2,1 foizga o‘sdi.

Andijon viloyati

YaHM joriy narxlarda 8 744,3 mlrd. so‘mni tashkil etdi va 7,8 foizga o‘sdi. Iqtisodiy o‘sish qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 105,8 (YaHM tarkibidagi ulushi 31,7 foiz), sanoatda – 122,3 (25,4 foiz), qurilishda – 105,2 (5,7 foiz), xizmatlar sohasida – 103,2 foiz (37,2 foiz) kuzatilgan ijobiy o‘sish sur'atlari natijasida ta'minlandi. Aholi jon boshiga hisoblangan YaHM 2 893,6 ming so‘mni tashkil etdi va 6,0 foizga o‘sdi.

Buxoro viloyati

YaHM hajmi 2,2 foizga o‘sdi va 6 870,6 mlrd. so‘mni tashkil etdi. YaHMning tarmoq tarkibida o‘sish sur'atlari qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida – 101,6 (YaHM tarkibidagi ulushi – 30,1 foiz), qurilishda – 103,8 (11,3 foiz), xizmatlar sohasida – 103,7 foiz (38,7 foiz)ni tashkil etdi. Shuningdek, 2017 yilning mos davri bilan taqqoslaganda sanoat tarmog‘ida ishlab chiqarish hajmining kamayishi kuzatildi va 99,1 foizni tashkil etdi (mazkur tarmoqning YaHM tarkibidagi ulushi – 19,9 foiz). Aholi jon boshiga hisoblangan YaHM 0,8 foizga o‘sdi va 3 663,0 ming so‘mni tashkil etdi.