O‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab arab davlatlari neftiga bo‘lgan qiziqish sobiq SSSR rahbariyatining "Musulmon olami bilan do‘stlik" shiorini olg‘a surishiga sabab bo‘ladi va shu asosda arab davlatlari bilan bog‘lanish choralari izlana boshlanadi, deya hikoya qilinadi “Zarafshon” gazetasida.

Dastlabki bosqichda bir darajada sovetlarga xayrixoh Livan davlatiga e'tibor qaratilib, rasmiy doiradagi ishlarga kirishiladi, taklif-u tashriflar boshlanadi. Ilk mehmon 1956 yilda Livanning taniqli siyosat va jamoat arboblaridan biri, parlament deputati, mamlakatdagi yetakchi "Jaridat Tarabul" – "Tarabulis" gazetasi sohibi Shayx Nadim al-Jisr bo‘ladi. Bu muhtaram zot tomoshatalab bo‘lmagan. U Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan maqbarani izlab kelgan.

Kreml rejasiga ko‘ra, shayxni Moskvadagi oliy o‘quv yurtlariga, shuningdek, Kiyev, Yalta, Sochi shaharlariga olib borish mo‘ljallangan. Ammo mehmon takliflarni rad etib, asl maqsadi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish ekanligini aytadi. Rasmiy doiralar tadbirlar qat'iy belgilanganini har qancha uqtirishmasin, mehmon o‘z niyatidan chekinmasligini, aks holda qaytib ketajagini bayon etadi. Qaytib ketish diplomatik aloqalarning barbod bo‘lishi ekanligidan cho‘chigan hukumat rahbarlari martabali mehmonning talabini qondirishga chora axtarishadi.

Zudlik bilan SSSR Fanlar akademiyasidan Imom Buxoriy haqida ma'lumot olinib, Shayx Nadimni O‘zbekistonga olib borish rejalashtiriladi va O‘zbekiston rahbariyatiga bu haqda tezkor topshiriq beriladi.

Toshkentdagilar Imom Buxoriy atalgan shaxs bo‘lsa, buxorolik bo‘ladi-da, gumoni bilan Buxoro viloyati rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib, ziyoratgohni shoshilinch tartibga keltirish topshirig‘ini beradi. Buxorodagilar Toshkentga "Qabr Samarqandda ekan", degan xabarni yetkazishadi.

Samarqand rahbariyati oyoqqa turib, qabrni axtarishga tushadi. Qabr Samarqand shahridan taxminan 15-20 kilometr uzoqlikda, Payariq tumanining Xartang qishlog‘ida ekanini bilishgach, borib ko‘rishsa, vayrona va tashlandiq bir joy. Tartibga keltirish bir-ikki kunlik ish emasdi.

Bu holat haqida Samarqand Toshkentga, Toshkent esa Moskvaga xabar qiladi. Tepadagilar har qancha stolni mushtlashmasin, tezlikda epaqaga keltirishning iloji yo‘qligini bilib turar edi. Shuning uchun vaqtni cho‘zish chorasini o‘ylab topishadi. Ya'ni, Moskvadan Toshkentgacha poyezd 4 kunda yetib kelishi hisobiga vaqtdan yutib, ziyoratgohni hozirlash mumkin bo‘ladi.

To‘rt kechayu to‘rt kunduz tik oyoqda qanchalik ishlanmasin, ishning adog‘i yo‘qdek edi. Samarqandning bu xususdagi zoru nolasi Toshkentni cho‘chitadi. Aks holda, Moskvadan qanday "mukofot" tegishi ma'lum edi. Shayx Nadim yana bir kun Toshkentda ziyorat bahonasida ushlab turiladi. Ertasi kuni shayxni tongda Samarqandga samolyotda olib kelishib, shaharni bir kun tomosha qildirishadi. Aytishlaricha, mehmon haqiqatda obidalarga maftun bo‘lgan va Shohi Zindada Hazrat Qusam ibn Abbos qabri tepasida uzoq turib, ko‘zda yoshi bilan Qur'on tilovat qilgan.