Kuni kecha Janubiy Koreya sudi mamlakatning sobiq prezidenti Pak Kin Xega budjetni o‘zlashtirgani va parlament faoliyatiga aralashgani uchun qo‘shimcha 8 yillik qamoq jazosi tayinladi. O‘tgan yili Seul markaziy sudi unga 24 yillik qamoq jazosini tayinlagandi.
Janubiy Koreya tarixiga nazar solinsa, bir holatga duch kelish mumkin: mamlakatning hech bir prezidenti faoliyatini «tinchgina» yakunlamagan. Yoki prezident yoki uning qarindoshlari panjara ortiga tushgan, yoxud prezident muddatidan oldin lavozimidan ketgan yoki eng achinarlisi, prezidentlik fojiaviy o‘lim bilan yakun topgan.
Keling, Koreya prezidentlari hayoti bilan yaqinroqdan tanishaylik.
Birinchi prezident va ilk iste'fo

Foto: Keystone Pictures
Koreya yarim oroli yaponlar istilosidan ozod qilingach, mamlakat ikkiga – Janubiy va Shimoliy Koreyaga bo‘lindi, Li Sin Man Janubiy Koreyaning birinchi prezidenti bo‘ldi. U 1948 yilda lavozimga rasman kirishdi. Li Sin Man mamlakat tepasiga demokratiya shiori ostida kelgan bo‘lsa-da, zaruriyat tug‘ilganida muxolifat kuchlarini keskinlik bilan bosib turdi. U shu tarzda surunkasiga uch marta hokimiyat tepasida bo‘ldi. 1960 yilda u to‘rtinchi marta prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surdi. Ammo saylovlardan so‘ng natijalar soxtalashtirilgani ortidan ommaviy noroziliklar boshlanib ketdi.
Namoyishlar vaqtida Masan shahrida bir talabaning halok bo‘lishi oqibatida butun mamlakatda Li Sin Manning iste'fosi talab qilingan namoyishlar boshlandi. Politsiya namoyishchilarga qarata o‘q uzdi, 100dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Ammo keyin politsiya va armiya xalqqa qarata o‘q uzishdan bosh tortdi. Oxir-oqibat Li Sin Man prezidentlik lavozimidan voz kechdi va harbiy samolyotda AQShga uchib ketib, 1965 yilda o‘sha yerda vafot etdi.
«Harbiy inqilob» qurboni

Foto: pa.go.kr
1960 yil avgustda Yun Bo Son Janubiy Koreyaning ikkinchi prezidenti etib saylandi. 1961 yil 16 mayda general Pak Chjon Xi (Pak Kin Xening otasi) «harbiy inqilob» aniqrog‘i harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Yun 1962 yil martgacha rasman prezident bo‘lib qoldi, ammo baribir lavozimini tark etdi. Pak prezidentlikka nomzodini qo‘ydi va 1963 yilgi saylovlarda g‘alaba qozondi.

























