Suvning har qatrasi zarga teng, degan iboraning ahamiyati, ta'sirini bugun har qachongidan-da ko‘proq va teranroq sezyapmiz. Sababi ushbu ne'mat yil sayin tanqis bo‘lib bormoqda. Yil qurg‘oqchil kelgan vaqtda bu hosildorlikka o‘z ta'sirini ko‘rsatyapti, deyiladi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Islom Xushvaqtovning Qonunchilik palatasi saytida e'lon qilingan maqolasida.

Bunda, albatta, inson omili ham bor. Boisi suv obektlarida o‘zboshimchalik bilan olib borilayotgan “tadbirkorlik” ishlarining oqibatlari qimmatga tushyapti. Ayniqsa, qum-shag‘al materiallaridan tabiatga zavol yetkazmagan holda foydalanish masalasi har qachongidan ham dolzarbdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 sentabrdagi “Suv obektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi qator muammolarga yechim topish, jumladan, sohani tartibga solish va uni tizimlashtirishda muhim huquqiy hujjat bo‘ldi.

Ushbu qaror ijrosi parlament quyi palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan parlament nazorati tartibida Qashqadaryo viloyati misolida o‘rganildi.

Ochig‘ini aytish kerak, qum-shag‘al materiallarining ruxsatsiz qazib olinishi aksariyat hollarda yer usti va yer osti suvlari kamayib ketishi, suvni muhofaza qilish zonalari botqoqlashishi va ifloslanishi, ularning qirg‘oqlari, sug‘orish tizimlari, transport va gidrotexnika infratuzilma obektlarining buzilishiga, shuningdek, favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.

O‘rganishlar davomida Qashqadaryo viloyatidagi daryo o‘zanlarida qum-shag‘al materiallaridan foydalanishda fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Jumladan, ayrim tadbirkorlarning bu borada litsenziyasiz faoliyat yuritayotgani va mavjudlari ham texnik shartlarga zid ravishda qum-shag‘al materiallaridan tartibsiz ravishda foydalanayotgani ayon bo‘ldi. Buning natijasida bugungi kunda mavjud daryo va boshqa suv obektlari landshaftlari keskin o‘zgarib, suv va yer resurslariga, o‘simlik hamda hayvonot dunyosiga, ular yashash va o‘sish muhitiga, qum-shag‘al zaxiralariga katta ziyon yetkazilmoqda.

Masalan, Kitob tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosining hozirgi kunda “Yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqini beruvchi” litsenziya asosida qum-shag‘al aralashmasini qazib olish bilan shug‘ullanadigan “Qashqadaryo” XF hamda “Kitob temir-beton buyumlari” MChJ tomonidan qum-shag‘al aralashmasi tartibsiz ravishda qazib olinishi tufayli daryo o‘zani buzilishi va suv oqimining xavfli o‘zgarishiga, qirg‘oqlarning yemirilishiga sabab bo‘layotgani aniqlandi.